Jahon | 09:29 / 04.05.2017
4554
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada prezidentlik saylovlari arafasida muddatdan oldin ovoz berish boshlandi

Foto:sbs.com.au

Janubiy Koreyada 4 may kuni 9 mayda o‘tajak prezidentlik saylovlari arafasida barcha istovchilar uchun muddatdan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi. Bunday ovoz berish mamlakatda ilk bor o‘tkazilmoqda. Mahalliy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, soat 09:00 holatiga ko‘ra, 590 ming kishi yoki umumiy saylovchilarning 1,39 foizi ovoz berib bo‘ldi.  

Joriy saylovlarda hammasi bo‘lib 42 mln 479 ming 710 saylovchi qatnashishi kerak. Muddatdan oldin ovoz berish ikki kun – 4 va 5 may kunlari bo‘lib o‘tadi. Bunday ovoz berish 2014 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra ilk bor o‘tkazilmoqda. Qonun saylovchilarning ovoz berishdagi davomatini yaxshilash uchun sababning qandayligidan qat'iy nazar, barcha istovchilarga muddatdan oldin ovoz berishga imkon beradi. 

Qonun qabul qilingunga qadar, prezidentlik saylovlari kuni ovoz bera olmaydiganlargina muddatdan oldin ovoz bera olishardi. 

"Ryonxap" axborot agentligining ma'lum qilishicha, muddatdan oldin ovoz berganlar orasida mamlakat siyosiy partiyalarining nufuzli vakillari, san'at arboblari, oddiy fuqarolar bo‘ldi.

Ayni vaqtda Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Pak Kin He o‘z xizmat vakolatlarini suiste'mol qilish va poraxo‘rlik aybi bilan hibsda ushlanib turibdi.  

Janubiy Koreya prezidenti lavozimiga hozirda 13 kishi da'vogarlik qilmoqda.

Oxirgi jamoatchilik fikri so‘rovnomalari natijalariga ko‘ra, Demokratik partiya nomzodi Mun Je In (42 foiz so‘ralganlar qo‘llab-quvvatlaganlar), "Xalq partiyasi" vakili An Chxol Su va konservativ kuchlar vakili Xon Jun Pxyo (ikkalasining reytingi 18,6 foizdan oshgan) prezident lavozimiga asosiy da'vogarlar hisoblanadilar.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid