Jahon | 18:16 / 08.05.2017
6192
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy sudanlik qochqin-bolalar soni 1 milliondan oshdi

Foto: abcnews.com

BMTning dushanba kuni bergan ma'lumotiga ko‘ra, Janubiy Sudandagi urush va zo‘ravonlik tufayli milliondan ziyod bola mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan. Daily Sabah shu haqida xabar berdi.

BMTning bolalar bo‘limi hisoblangan YUNISEFning matbuot anjumanida ta'kidlanishicha, 2013 yilda mamlakatda fuqarolik urushi boshlanganidan so‘ng qo‘shni Efiopiya, Keniya va Ugandadagi qochqinlar lagerlariga qochgan 1,8 million kishining 62 foizi bolalardan iborat.

Bundan tashqari, yana 1,4 million bola Sudan janubidagi lagerlarda yashaydi. 

"Millat kelajagi haqiqatda xavf ostida", - deydi YUNISEFdan Leyla Pakkala. 

"Janubiy Sudandagi har beshinchi bolaning o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lishi bu urushning mamlakat uchun naqadar halokatli ekanini ko‘rsatadi", - dedi u. 

Janubiy Sudan 2011 yilda mustaqillikni qo‘lga kiritgan, biroq ikki yildan so‘ng yangi mojaro avj olgan - prezident Salva Kiir o‘zining sobiq deputati Rik Macharni harbiy to‘ntaruv rejalashtirishda ayblagan.

Urush keng tarqalib, mamlakatni etnik belgilar bo‘yicha ajratgan va ba'zi hududlarda ochlik yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

"Bugungi kunda qochqinlar bilan bog‘liq hech bir inqiroz meni Janubiy Sudanchalik tashvishga solmayapti", - dedi YUNISEF xodimi Valentin Tapsoba. 

Shuningdek u davomli ziddiyat natijasida o‘n minglab kishi, shu jumladan mingdan ziyod bolalar o‘ldirilganini  qo‘shimcha qildi.

YUNISEF janubiy sudanlik bolalarga yordam ko‘rsatish uchun zarur 782 million dollarning 181 million dollari yig‘ilganini ma'lum qilgan. 

Mavzuga oid