20:30 / 10.05.2017
38563

Rog‘un GES to‘g‘oni qurilishi reja bo‘yicha ketmoqda. Imomali Rahmon qoniqish hosil qildi

Foto: Asia-Plus

Rog‘un GES to‘g‘oni qurilishi ishlari 75 foizga bajarilgan, ayni vaqtda stansiyaning ikki agregatini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

10 may kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Rog‘un gidroelektrstansiyasi qurilishi qanday borayotganini ko‘zdan kechirgan. U qurilish ishlari sur'atini yaxshi baholagan. Bu haqda mamlakat rahbari matbuot xizmati xabar bergan.

Tojikiston rahbari birinchi navbatda Vaxsh daryosi o‘zani to‘silgan joyni borib ko‘rgan.

To‘g‘onning birinchi qismini qurish uchun zarur bo‘lgan tuproqning umumiy miqdori 2,7 million kubmetrni tashkil qiladi. Italiyaning «Salini Impredjio» kompaniyasi daryo o‘zani to‘silganidan buyon qurilish materialining kattagina qismini — 2 million kubometrini ishlatib bo‘lgan.

Ayni vaqtda yer ostida ham montaj va o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Shu kungacha to‘g‘onda 47ta sinov uskunalari joylashtirilgan.

Loyihaga ko‘ra, to‘g‘on ishga tushishi uchun Yevropadan 32,2 ming kubometr geomembrana (qurilish materiali) keltirilgan.

Prezident shuningdek, T-22 transport tunnelini qurish ishlari bilan ham tanishgan. Ayni vaqtda bu tunnelni qurish ishlar yakunlangan.

Tojikistonda Rog‘un GESi to‘g‘onining qurilishi (dunyodagi eng yirik suv to‘g‘oni - 335 metr) o‘tgan yilning oktabr oyi oxirida boshlangandi. 

Rog‘un GESi Vaxsh GES kaskadida to‘qqizinchi bo‘lib, Dushanbedan 110 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Loyihaviy quvvati — 3600 MVt, o‘rtacha yillik ishlab chiqarish — 13,1 milliard kVt/soat. GES binosida har birining quvvati 600 MVt ga teng oltita radial-o‘qli gidroagregat o‘rnatiladi.

To‘g‘on qad ko‘targach, uning ortida 13,3 kilometr kub to‘liq hajmga, 10,3 kilometr kub foydali hajmga ega Rog‘un suv ombori paydo bo‘ladi.

Loyihaning to‘liq qurib bitirilishiga 2,2 milliard dollar, birinchi navbatining qurib bitirilishiga 590 million dollar ketishi aytilmoqda. Rog‘un GESining birinchi agregati 2018 yil oxirida, ikkinchisi esa 2019 yil aprelida ishga tushirilishi kutilmoqda.

Top