Jahon | 16:21 / 10.05.2017
10207
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyaning yangi prezidenti sobiq jurnalistni bosh vazir qildi

© AP Photo

Janubiy Koreya Respublikasining yangi saylangan prezidenti Mun Je In bugundan yangi lavozimga kirishdi va hukumatdagi muhim lavozimlarga rahbarlarni tayinladi.

U Seuldagi «Chxonvade» qarorgohida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildiki, Cholla-Namdo viloyatining sobiq gubernatori Li Nak Yon endilikda mamlakat bosh vaziri hisoblanadi. Li Nak Yon hukumatni boshqarish uchun yetarli tajribaga ega ekanligi ta'kidlangan.

Endilikda bosh vazir lavozimini parlament tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

Yonhap agentligi xabariga ko‘ra, 64 yoshli Li Nak Yon — sobiq jurnalist va parlamentning sobiq deputati bo‘lib, ijtimoiy, davlat va tashqi siyosat sohalarini chuqur tushunadi va tajribaga ega. U 21 yil davomida jurnalist, so‘ngra 14 yil davomida deputat, undan keyingi 3 yil davomida provinsiya deputati sifatida faoliyat yuritgan. 

U 2014 yilda mamlakatning eng rivojlan qismidagi Cholla-Namdo viloyatiga gubernator bo‘lgan. Bu viloyat keyingi o‘n yil davomida mamlakat tepasidagi sobiq konservativ kuchlarni inkor etib kelgan.

Li Nak Yon 1952 yilda Seuldan 350 kilometr janubdagi Yongvan shahrida (Cholla-Namdo viloyati) tug‘ilgan. U shu viloyatda 21 yil davomida «Tona ilbo» gazetasida jurnalist bo‘lib ishlagan.

U siyosatga 2000 yilda kelgan. O‘shanda u sobiq prezident Kim De Junning (KXDR bilan munosabatlarni iliqlashtirgani uchun Nobel mukofoti laureati bo‘lgan) faoliyatini matbuotda yoritgandi. Keyin Li Nak Yon Demokratik partiya vakiliga aylangandi.

Li Nak Yon 1974 yilda Seul davlat universitetini tamomlagan.

Razvedka xizmati va ma'muriyatning yangi rahbarlari

Mun Je In boshqa asosiy lavozimlarga ham tayinlovlarni amalga oshirdi. Milliy razvedka xizmatiga Shimoliy Koreya masalasi bo‘yicha mutaxassis, razvedka xizmatining sobiq xodimi Su Xun rahbar etib tayinlangan. Mun Je In uning tajribasi Koreya yarim orolidagi muammoni bartaraf etishda qo‘l kelishini ta'kidlab o‘tgan.

Prezident ma'muriyatiga Lim Jon Sok tayinlandi. Hozirda 51 yoshda bo‘lgan Lim Jon Sok 1989 yili janubiy koreyalik talaba qiz Lim Su Gyon Pxenyanga borgani uchun hibsga olingach boshlangan norozilik namoyishlari faollaridan bo‘lgan.

2000 yilda Lim Jon Sok katta siyosatga aralasha boshladi. U Demokratik partiya a'zosiga aylanib, parlamentga saylandi. U Mun Je Inning saylovoldi kampaniyasida muhim vazifalarni bajarib kelgan.

Shuningdek, prezidentni qo‘riqlash xizmati rahbari lavozimini Ju Yon Xun egallagan.

Mavzuga oid