20:39 / 12.05.2017
16571

Mehnat vaziri: "Ko‘plab bitiruvchilar ishga joylashayotganda rezyumeni to‘g‘ri to‘ldirishni bilmaydi"

Foto: "Kun"

2017 yil 12 may kuni “Radisson Blu Hotel” mehmonxonasida “DaVinci Solutions” kompaniyasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda an'anaviy HR-anjumanini tashkil etdi. Bugungi anjuman mavzusi “Iste'dodlarni jalb qilish va rivojlantirish”ga bag‘ishlandi.

Anjumanga maxsus mehmonlar, spikerlar, xorijiy ekspertlar tashrif buyurdi va ular yosh iste'dod egalarini jalb etish bo‘yicha tavsiyalar, tajribalar haqida o‘rtoqlashishdi. Shuningdek, HR sohasidagi innovatsiyalar to‘g‘risida ham atroflicha to‘xtalib o‘tildi. 

Muhokamalar chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov ham ishtirok etib, bitiruvchilarning ish bilan ta'minlanishida uchraydigan muammolar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. 

“Mamlakatimizdagi mehnat bozori chuqur qayta tashkil etishni talab qiladi. Ayrim o‘quv muassasalarini tamomlayotgan talabalarda aynan tajriba yetishmovchiligi holati ko‘p kuzatiladi. Ayrim bitiruvchilar ishga joylashish uchun hattoki, rezyume to‘ldirish, suhbatdan o‘tish qoidalarini bilishmaydi. Bu kabi muammolarni bartaraf etish uchun amaliy darslarni kuchaytirish zarur. Kollejlardagi 3 yil ta'lim davomida amaliyotga uchinchi kursning so‘ngida 3 oygina vaqt ajratilishi – bu juda ham qisqa muddat. Yoshlar o‘quv muassasalarida ta'limning 70 foizini nazariy bilimlar olishga, 30 foizini (eng kamida) amaliyotga sarflashi lozim. Bu borada yangi qarorlar ishlab chiqilmoqda”, - dedi O‘zbekiston Mehnat vaziri. 

Shuningdek, spikerlar xorijiy mamlakatlarning yangi xodimlarni ishga olishda qo‘llaydigan usullari va tajribasini ham misol keltirib, O‘zbekistonda bu borada uchraydigan kamchiliklarni muhokama qilishdi. 

“Xorijda yosh mutaxassislarni ishga olishda quyidagi tajribani qo‘llash urfga kirgan: ular yangi ishchi olishdan avval professional mentor boshchiligida maxsus treninglar, o‘quv kurslari tashkil etadi. Bu esa yangi xodimga boshlang‘ich malaka va ko‘nikmani shakllantirishi uchun katta imkon beradi. Afsuski, bizning yurtimizdagi aksariyat ish beruvchilar bu tendensiyani qo‘llashni istashmaydi. Bu albatta, moliyaviy masalaga ham bevosita bog‘liq. Buning uchun biz tomonimizdan kompaniya, tashkilotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun qator afzalliklar, imtiyozlar yaratilishi lozim”, - dedi Aziz Abduhakimov.

Top