Jahon | 08:09 / 14.05.2017
3314
2 daqiqa o‘qiladi

Makron 14 may kuni prezidentlik vakolatlarini qabul qilib oladi

Foto:AP Photo / Claude Paris

Bugun, 14 mayda Fransiyada prezidentlik vakolatlarining Fransua Ollanddan uning vorisi Emmanuel Makronga topshirilishi marosimi bo‘lib o‘tadi. Shundan keyin Makron rasman prezidentlik lavozimini bajarishga kirishadi. 

Vakolatlarning topshirilishi marosimi Parij vaqti bilan soat 10:00 da (Toshkent vaqti bilan 13:00da) Yelisey saroyida bo‘lib o‘tadi. An'anaga ko‘ra, Olland Makronni qarorgoh eshigi oldida kutib oladi va u bilan yakkama-yakka suhbatlashish uchun ichkariga kirib ketadi. Olland yarim soat ichida yangi prezidentga davlatning eng muhim sirlarini ma'lum qiladi va yadroviy raketalarni uchirish kodlarini topshiradi. 

So‘ngra siyosatchilar Yelisey saroyining old hovlisiga chiqishadi. Bu yerda Olland saroy, uning xodimlari va o‘z hamkasblari bilan xayrlashadi va shundan keyin saroyni tark etadi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi. 

Shu vaqtdan boshlab Makron inauguratsiyasi marosimi boshlanadi va unga Fransiya oliy davlat hokimiyatining ramzi – Faxriy legion ordeni grossmeysteri zanjiri topshiriladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid