Jahon | 22:41 / 15.05.2017
13982
6 daqiqa o‘qiladi

Eduard Filipp kim va nega Makron uni bosh vazir etib tayinladi?

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron mamlakat bosh vaziri sifatida Gavr shahar meri, markazchi siyosatdon, mamlakat ichra katta mashhurlikka erishmagan 46 yoshli Eduard Filippni tayinladi. Garchi bu qaror OAVga ertaroq sezdirilgan, undan hamma xabardor bo‘lgan esa-da, baribir sensatsiya sifatida baholanmoqda. Prezident saylovlarining g‘olibi bu g‘alabaga erishishida ko‘p mehnati singgan eng yaqin ittifoqchisi Fransua Bayruni hech narsasiz qoldirdi.

Fransiyaning yangi tayinlangan bosh vaziri Eduard Filipp va sobiq bosh vazir Bernar Kazenev Parijda. 2017 yil 15 may

Bayru Makronga yordam berdi, Makron esa yo‘q

2016 yilning kuzida — Makron prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surishga qaror qilganida, Filipp o‘zini uning bosh vaziri sifatida tasavvur ham qila olmas edi, chunki... u mutlaqo boshqa nomzodni qo‘llab-quvvatlayotgan edi. So‘l markazchilarga taalluqli prezidentdan farqli o‘laroq, bosh vazir mo‘'tadil o‘nglardan hisoblanadi va mamlakat rahbarligi lavozimida respublikachi Alen Jyuppeni ko‘rishni istagandi. Biroq dastlabki saylovlarda Jyuppe o‘z o‘rnini Fransua Fiyonga bo‘shatib berdi va Filipp uni qo‘llashni istamadi.

Ovoz berish kunidan avvalgi hal qiluvchi oylarda Gavr meri axborot agentliklarining xabarlarida biror marta tilga olinmadi. Bu vaqt ichida so‘rovlarga ko‘ra uchinchi o‘rinda borayotgan Makron katta o‘sishga erishayotgan edi. Lekin ikkinchi turni kafolatlaydigan natijaga biroz yetishmayotgan edi. Ana shu yetishmayotgan qo‘llovni unga markazchi Bayru avvaliga nomzodini saylovga qo‘yishdan bosh tortib, so‘ngra kishilarni Makronni yoqlab ovoz berishlariga chaqirib, tashkillashtirgan edi.

Mart oyida Makron va Bayru o‘rtasida ittifoq tuzilgach, ko‘pchilik Fransuani bosh vazir o‘rniga loyiq ko‘rayotgan edi. Makronchilar ichidagi ikkinchi raqamli odam parlament saylovlarida o‘z partiyadoshlari Makron tomonidan qo‘llab-quvvatlanishidan umid qilayotgan edi. Lekin xayol boshqa, hayot boshqa ekan. Bayru bosh vazir lavozimiga ham ega bo‘lmadi, u yetakchilik qilayotgan MoDem harakati qatnashchilariga esa Makronning «Olg‘a, Respublika!» harakati tomonidan tasdiqlangan, 428 nomzoddan iborat ro‘yxat ichidan faqat 35 o‘rin ajratildi.

Qariyalarga o‘rin yo‘q

Aftidan, Bayru apparatining mag‘lubiyati va Fransiya sobiq bosh vaziri Manuel Valsning 14 may kuni Makronga nisbatan kuchsiz ayblovlar bilan chiqish qilishining bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolgani bejiz yuz bermaganga o‘xshaydi. Qo‘l ostida Makron iqtisodiyot vaziri bo‘lib ishlagan siyosatdon sobiq xodimini «badkirdor» deb atagan va uni sobiq prezident Fransua Ollandga mengzagan: «Olland — badkirdor edi, lekin unda ma'lum bir chegaralar bor edi. Makron — ham badkirdor, boz ustiga, uning cheku chegarasi yo‘q».

Sobiq bosh vazirning bu qo‘pol iqrori makronchilar bilan o‘z nomzodining parlament saylovlarida qo‘llab-quvvatlanishi yuzasidan olib borilgan muzokaralar cho‘zilib ketganidan so‘ng e'lon qilindi. Albatta, u muzokaralarda muvaffaqiyat qozona olmadi.

Vals uchun bu mag‘lubiyat Makron tomonidan namoyishkorona chetga surib tashlanayotgan siyosat sahnasining qariyalari klubi safiga qo‘shilganini bildirardi. Ilgariroq, saylovlarning ikkinchi turigacha bir necha kun qolganida saylovda favorit bo‘lib turgan Makron so‘l radikallar yetakchisi Jan-Lyuk Melanshonga uning tarafdorlarining ovozi uchun yon bermasligini e'lon qilgan edi. O‘shanda bo‘lajak prezident o‘zining sobiq sotsialist partiyadoshlari haqida ham iltifotsizlarcha fikr bildirgan edi. «U biz bilan birga bo‘lishni istamayapti», — degan edi bo‘lajak prezidentning nuqtai nazarini baholab, sotsialistik partiya bosh kotibi Jan-Kristof Kambadelis.

Fransiya prezidenti Fransua Olland va Fransiyaning saylangan prezidenti Emmanuel Makron Parijda o‘tkazilgan inauguratsiya marosimida.

Makronning islohotlari

O‘zini avvaliga «so‘lchi», keyin «so‘lchi ham emas, o‘ngchi ham emas», nihoyat, «ham so‘lchi, ham o‘ngchi» davlat arbobi, deb atagan prezident Emmanuel Makron — avvalo texnokrat siyosatchi ekan. U o‘ylagan Fransiyaning siyosiy manzarasiga ko‘ra, amaldagi shaxslar maksimal darajada almashtirilib, oldingi kurs saqlab qolinadi. Buyog‘iga Olland va Valsning oldingi siyosatini yangi — hattoki shu paytgacha fransuzlarga mutlaqo notanish bo‘lgan odamlar amalga oshirishadi. Shu munosabat bilan, butunevropa miqyosidagi siyosatda mutlaqo yangi odamning tayinlanishi tobora kuchga to‘lishayotgan tendensiyani gavdalantiradi. 

Bir necha kun avval yakunlangan, 2017 yilning iyun oyida o‘tkazilajak parlament saylovlariga ro‘yxat tuzish borasida o‘tkazilgan muzokaralar ham shu qonuniyatni tasdiqlab turibdi. Makronga tegishli harakatdan ilgari surilgan 428 nomzod ichidan faqat 50 nafari davlat qonunchilik organlarida ishlash tajribasiga ega. O‘tmish bilan bog‘liq siyosatchilarni Makron obro‘-e'tiborini yo‘qotgan kimsalar, deb sanamoqda. Bu mantiqqa ko‘ra, fransuz siyosati patriarxi Fransua Bayruga aslo o‘rin yo‘q. Sobiq vazir va amaldagi prezident o‘rtasida parda ortida o‘tgan kelishuvlar qanday yakunlanganidan qat'i nazar, Fransiya hukumatini Bayru boshqara olmas edi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid