Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya harbiylari va aviatsiyasi mashqlarda ishtirok etish uchun Tojikistonga keladi
30 may kuni Tojikistonda “Dushanbe-Antiterror-2017” xalqaro mashqlarining faol qismi boshlanadi, unda ishtirok etish uchun respublikaga rossiyalik harbiylar va aviatsiyaning qo‘shimcha kontingenti yuboriladi. Bu haqda Rossiya Markaziy harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni yordamchisi polkovnik Yaroslav Roshupkin ma'lum qildi.
"Rossiya harbiy kontingenti “Dushanbe-Antiterror-2017” xalqaro mashqlarida ishtirok etadi, uning doirasida amaliy harakatlar 30 may kuni Tojikiston hududida boshlanadi. Mashqlar davomida quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘shma guruhi aviatsiya ko‘magida terrorchilik guruhlari, noqonuniy qurollangan tuzilmalarga qarshi tog‘li hududda kurash olib borish, shuningdek, tinchlikparvar amaliyot elementlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha harakat qilishadi", - dedi Roshupkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mashqlardagi vazifani bajarish uchun Tojikistondagi Rossiyaning 201-harbiy bazasi salohiyati kuchaytiriladi. "Mashqlar o‘tkaziladigan tumanlarga mobil boshqaruv punktlari, uzoq, harbiy-transport, tezkor-taktik, armiya va uchuvchisiz aviatsiya, raketa qo‘shinlari va artilleriya bo‘linmalari, shuningdek maxsus topshiriqlik bo‘lim va havo-desant qo‘shinlari askarlari yuboriladi. Qo‘shma guruh ishini harbiy muhandislar, tibbiyotchilar, boshqa mutaxassislar ta'minlab beradi", - degan zobit. Shu bilan birga, u jalb etilayotgan kuchlar miqdoriga aniqlik kiritmadi.
Avval xabar qilinganidek, "Dushanbe-Antiterror-2017" MDH Aksilterrorchilik markazining Hamdo‘stlik davlatlari qurolli kuchlari bilan birgalikdagi ilk mashqlaridir.