23:52 / 16.05.2017
6015

Polsha hukumati qochqinlarni qabul qilishdan bosh tortmoqda

Foto: AP/Scanpix

Polsha hukumati qochqinlarni qabul qilishga rozi bo‘lmaydi, deb aytdi 16 may kuni mamlakat bosh vaziri Beata Shidlo Varshavadagi matbuot-anjumanda. 

Polsha Yevropa Ittifoqining qochqinlarni tarqatish bo‘yicha dasturi doirasida o‘z hududida qochqinlarni qabul qilishdan bosh tortdi. Bosh vazir Yevropa Ittifoqining migratsiya siyosatini tanqid qilib, Vishegrad to‘rtligi davlatlari (Polsha, Slovakiya, Vengriya, Chexiya) qochqinlarni qabul qilish masalasida shantajga yo‘l qo‘ymasligini aytdi.

Oxirgi ijtimoiy so‘rovnomalarga ko‘ra, Polsha aholisining 4 dan 3 qismi qochqinlarni qabul qilishga qarshi chiqmoqda.

"Ayni vaqtda Polshada qochqinlarni qabul qilishga imkoniyat yo‘q. Bu Polsha hukumati pozitsiyasi", deb aytdi Shidlo.

"Biz yordam bermoqchimiz. Talab qilingan joyda gumanitar yordam ko‘rsatmoqdamiz va odamlar bu yordamni kutadilar. Biz gumanitar yordamni ko‘paytirmoqdamiz, xalqaro gumanitar aksiyalarda ishtirok etmoqdamiz, nohukumat tashkilotlari bilan hamkorlik qilamiz, jabrlanganlarni davolashda yordam beramiz. Biroq biz Polsha va boshqa davlatlarga qochqinlarni qabul qilish bo‘yicha majburiy kvotalar suqishtirilishiga rozi bo‘lmaymiz", deb aytdi Shidlo.

Avvalroq migratsiya, ichki ishlar va fuqarolik bo‘yicha yevrokomissar Dimitris Avramopulos agar Polsha va Vengriya bir oy ichida Italiya va Gretsiyadagi qochqinlarni qabul qilishni boshlamasa, Yevrokomissiya iyunda bu davlatlarga nisbatan sanksiyalar solishi mumkinligini aytgan.

"Men o‘zlariga himoyaga muhtoj biror odamni ko‘chirib o‘tkazmagan Polsha va Vengriyani buni hoziroq qilishga chaqiraman", deb aytgan jurnalistlarga Avramopulos Strasburgda.

Top