Jahon | 11:30 / 18.05.2017
6640
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp bir qator shartlar bajarilganda Shimoliy Koreya bilan kelishishi mumkin

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inning maxsus vakili Xon Sok Xyon bilan suhbatda muayyan shartlarga amal qilinganda Shimoliy Koreya bilan kelishuvga erishish yo‘li bilan Koreya yarimorolida tinchlikka erishishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda "Ryonxap" axborot agentligi xabar bermoqda

Uchrashuv AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens, Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Gerbert MakMaster va maslahatchisi Jared Kushner ishtirokida 15 daqiqacha davom etgan. Bu uchrashuv Mun Chje In Janubiy Koreya prezidenti lavozimiga kirishgandan keyin Janubiy Koreya ma'muriyati va Tramp o‘rtasidagi ilk uchrashuv bo‘ldi. 

"Prezident Tramp Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalar va Xitoy bilan hamkorlik munosabatlari haqida so‘zladi. U Shimoliy Koreya yadro muammosini hal qilish va natijalarga erishish uchun prezident Mun bilan yaqindan hamkorlik qilishini aytdi", deb aytgan Xon Sok Xyon.

"Shimoliy Koreyaga bosim va sanksiyalar borligiga qaramasdan, Tramp ba'zi shartlarga amal qilinganda Shimoliy Koreya bilan kelishuvga kelish yo‘li bilan tinchlikka erishishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, u shunchaki muzokaralar uchun muzokaralar emas, natijaga olib keladigan muzokaralar olib bormoqchi", deb aytdi janubiy koreyalik diplomat.  

Uchrashuv davomida Xon Sok Xyon Trampga Janubiy Koreya rahbarining Vashingtonga taklif qilingani uchun minnatdorchilik xatini yetkazib qo‘ydi. Bundan tashqari, Xon Sok Xyon Gerbert Makmaster bilan Koreya yarimorolida THAAD raketalarga qarshi mudofaa tizimlarini joylashtirish masalasini qisqacha muhokama qildi.  

Janubiy Koreya va AQSh hukumatlari 16 may kuni ikki davlat rahbarlari o‘rtasida Vashingtonda iyun oxirida oliy darajadagi uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldilar. Bu uchrashuvda muhokama qilinadigan asosiy mavzular Shimoliy Koreya yadroviy muammosi, erkin savdo zonasi va Koreya yarimorolida THAAD tizimini joylashtirish masalalari bo‘ladi.

Mavzuga oid