Ta'lim muassasalari ma'naviyat soatlarida islom dinining ma'rifiy-tarbiyaviy ahamiyatidan foydalanish tavsiya etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida “Inson va oila manfaati – jamiyat farovonligi”mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Anjumanni tashkil etish va o‘tkazishda “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Xalq ta'limi vazirligi, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, BMTning Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasi hamkorlik qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.K.Narbayeva oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirish borasida davlat va jamoat tashkilotlari oldida turgan eng muhim vazifalarni sanar ekan, ularning yechimi bilan bog‘liq muhim tavsiya va takliflarini bildirdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan BMTning Aholishunoslik bo‘yicha jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakili Miyeko Yabuta jahon miqyosidagi demografik muammolar, xotin-qizlar va bolalar huquqlarining poymol qilinishi, ularning salomatligi, sog‘lom turmush tarzi va boshqa masalalar yuzasidan fikr bildirdi.
Mazkur anjuman yakunida quyidagi tavsiyalar qabul qilindi:
1. Davlat darajasida qabul qilingan hujjatlarning joylardagi ijrosining ta'minlanishi jamoatchilik nazorati guruhlariga yuklatish;
2. Xotin-qizlarning huquqlari, onalik va bolalikni muhofaza qilishga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining gender ekspertizasini joriy etish;
3. Oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, xotin-qizlar va voyaga yetmagan bolalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, o‘z joniga qasd va suiqasd holatlarining oldini olish, notinch oilalardagi ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, ruhiy tushkun holatdagi xotin-qizlarni ijtimoiy-psixologik himoya qilish ishlarini tizimli amalga oshirish;
4. Mahallalarda tibbiy patronaj xizmatlari orqali ruhiy holatida o‘zgarish, muayyan tomonga og‘ish holatlari yuzaga kelgan fuqarolarni vaqtida aniqlash, ularning oilalariga tibbiy-psixologik xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
5. Yosh nikohlanuvchilar uchun mahallalar yoki FHDYolar qoshida oila muqaddasligini e'tirof etuvchi o‘quvlar tashkil etish;
6. Joylarda tashkil etilgan “Ayollar maslahat markazlari” ish faoliyatini takomillashtirish;
7. Yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ularda chuqur dunyoqarash va tafakkur yuritish qobiliyatini o‘stirish uchun “Kitobxonlar haftaligi”, “Kitob – tafakkur xazinasi” ko‘rik-tanlovlarini muntazam o‘tkazib borishni yo‘lga qo‘yish. Maktab kutubxonalari, axborot-resurs markazlari kitob fondini zamonaviy badiiy va ensiklopedik adabiyotlar bilan boyitib borish choralarini ko‘rish;
8. Mahallalarda tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj, jumladan, imkoniyati cheklangan ayollar va bolalarga manzilli yordam berish choralarini ko‘rish;
9. Farzandlari ta'lim-tarbiyasiga jiddiy e'tibor qaratgan, ularning turli fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlovlar va musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta'minlagan ota-onalarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, televideniyeda ayni mavzuga qaratilgan ko‘rsatuvlar sonini ko‘paytirish;
10. Inson ma'naviyatiga, yoshlar ruhiyatiga salbiy ta'sir etayotgan turli omillarni imkon qadar bartaraf etish choralarini ko‘rib, xususan, san'atkorlarning o‘zlarini tutishlari, kiyinishlari va ular kuylayotgan musiqa matnining mazmuniga jiddiy e'tibor qaratish;
11. Ta'lim muassasalarida qizlarni turmushga tayyorlash, erta nikoh, reproduktiv salomatlik, gigiyena masalalari bo‘yicha bilim darajasi va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida “Oila maktabi” maxsus kurslarini joriy etish;
12. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlashda televideniyening rolini kuchaytirish, turli toifadagi yoshlar uchun qiziqarli hamda tarbiyaviy ahamiyatga ega filmlar ishlab chiqilishini tizimli yo‘lga qo‘yish, kechki va tungi vaqtda didaktik ahamiyati yuqori bo‘lgan milliy va jahon kinosi durdonalari, o‘yin shaklidagi dasturlar va tarbiyaviy-ijtimoiy roliklar namoyishini ko‘paytirish hamda san'atkorlarning kiyinish madaniyatiga nisbatan badiiy kengash tomonidan nazoratni kuchaytirish;
13. Ta'lim muassasalarida o‘tkaziladigan ma'naviyat soatlarida yoshlarga oila va nikohning muqaddasligi, o‘z joniga qasd qilishning oqibatlarini keng tushuntirish, bu borada islom dinining ma'rifiy-tarbiyaviy ahamiyatidan unumli foydalanish;
14. Gazeta va jurnallarda nikoh va oila munosabatlari, taloq, o‘z joniga qasd va suiqasd qilish holatlarining salbiy oqibatlarini diniy-ma'rifiy yo‘l bilan tushuntirishga qaratilgan kichik ruknlar tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berish, shuningdek, mazkur mavzularni keng aholi ongiga chuqur singdirishga qaratilgan kichik risolalar, qo‘llanmalar nashr ettirish va tarqatish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqdir;
15. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 19 iyundagi “Barkamol avlodni tarbiyalashda oila instituti va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ta'lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 175-sonli qarori ijrosini qat'iy nazoratga olish;
16. O‘quvchilar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda “Ota-onalar kengashi” faoliyatidan samarali foydalanish;
17. Ta'lim muassasalari psixologlarining balog‘at bosqichidagi hamda oila qurish yoshidagi yigit-qizlar bilan individual va jamoaviy ishlash, yoshlar ongiga nikoh va oilaning muqaddasligi, farzand tarbiyasida ota-onaning mas'uliyati kabi tushunchalarni yetkazib berishdagi malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
18. Ota-onalar, notinch oilalar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalar, ommabop qo‘llanmalar nashr ettirilib, o‘quv yilining boshida o‘tkaziladigan o‘qituvchilar Avgust konferensiyalari ishtirokchilariga taqdim etish;
19. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida o‘quvchi va o‘qituvchilarning kiyinish hamda muomala madaniyati yuzasidan qo‘shma qaror qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etish choralarini ko‘rish;
20. Joylarda “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Aholini ijtimoiy-muhofaza qilish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Tadbirkor ayol” va “Hunarmand” uyushmalari, Savdo-sanoat palatasi kabi jamoat tashkilotlari tomonidan uyushmagan yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish bo‘yicha aniq natijali ishlarni yo‘lga qo‘yish;
21. Markaziy televideniye va radio orqali “Hayot - eng ulug‘ ne'mat”, “Psixolog soati”, “Psixolog maslahati” mavzularida kundalik ko‘rsatuv hamda radio eshittirishlar, ijtimoiy roliklar namoyishini tashkil etish;
22. Oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni o‘rganish, muammoli vaziyatlarni bartaraf etishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni muntazam va tizimli olib borish;
23. Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularga ajratilayotgan kreditlarning manzilli yetib borishi, tashkil etilayotgan ish o‘rinlari haqida doimiy yangilanib boruvchi monitoring tizimini yaratish.
Mavzuga oid
17:10 / 17.10.2024
Islom olamining zabardast ulamolari Toshkentda jamlandi - fotoreportaj
23:19 / 25.03.2023
Kundalik elektron sinf jurnalida baholarni qo‘yish tartibi o‘zgaradi
16:11 / 15.03.2023
“Ta’limni rivojlantirish milliy harakatga aylanishi kerak” - ekspertlar bilan intervyu
13:13 / 15.03.2023