Jahon | 11:20 / 19.05.2017
23614
4 daqiqa o‘qiladi

Trampning ikkinchi ogohlantirishi: AQSh Asad tarafdorlariga zarba berdi

Foto: RIA Novosti

18 may kuni AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kuchlari aviatsiyasi Suriya hukumati kuchlariga havo zarbalari berdi.
 
Bu Amerika harbiylarining Donald Tramp prezidentligi davrida SAR prezidenti Bashar Asad tomonida jang qilayotgan qurollangan tuzilmalarga bergan ikkinchi zarbasidir. Shu yilning aprel oyida AQSh Shayrot aviabazasiga raketa zarbalari bergan hamda uni Suriya yetakchisiga ogohlantirish, deb atagan edi. 

So‘nggi hodisalarga izoh bergan Pentagon ma'muriyati bu zarbalarni deyarli mudofaa maqsadida amalga oshirilganini iddao etmoqda. Unga ko‘ra, go‘yoki Suriya kuchlari IShIDga qarshi kurashayotgan AQSh hamkorlari bo‘lgan "o‘t ochishni to‘xtatish" hududiga yaqinlashib qolgan. Shu bilan birga, ma'muriyat ma'lumotiga ko‘ra, "o‘t ochishni to‘xtatish" hududlari deyilganida Ostonadagi muzokaralarda erishilgan 4ta o‘t ochishni to‘xtatish hududi emas, aksincha, Rossiya va Amerika harbiylari o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq tashkil etilgan hududlar nazarda tutiladi.

Ta'kidlash joizki, ushbu zarba Suriya hukumati va muxolifat vakillarining Jyenevada davom etayotgan muzokaralari vaqtida amalga oshirildi. Qator kuzatuvchilarning fikricha, bunday kuch ishlatish shundoq ham oson kechmayotgan muzokaralar jarayonini yanada qiyinlashtiradi. 

"Jangovar tahdidga javob"

AQSh koalitsiyasi shtabi xabarlariga qaraganda, Suriya hukumatiga yon bosuvchi kuchlarga zarbalar 18 may kuni mamlakat janubidagi At-Tanfa hududiga berilgan. Bunga sabab sifatida koalitsiya qo‘mondoni mazkur bo‘linmalar "koalitsiya kuchlariga tahdid soladi", deya xulosa qilgani ko‘rsatilmoqda.

"Tanklar, zirxli mashinalar, artilleriya va texnik avtomobillardan kelib chiqqan tahdid sababli zarba berildi", — deyiladi bayonotda. 

"Bir necha marotaba chekinish talab qilinganidan so‘ng, koalitsiya samolyotlari zarba berishdan avval tank hamda qurilish uskunalarini yo‘q qilgan ogohlantiruvchi parvozlarni va o‘q otishlarni amalga oshirgan", — deyiladi hujjatda.

OAV xabarlariga ko‘ra, suriyaliklar karvonida Suriya armiyasining doimiy askarlari emas, balki ko‘ngillilar bo‘lgan. Pentagon esa, ularni "hukumatparast kuchlar" deb baholagan, biroq ular Suriya QK tarkibiga kirgani yoki yo‘qligiga oydinlik kiritmagan. 

AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rasmiy vakili mayor Josh Jyeyks RIA Novosti agentligi bilan suhbatda taxmin qilishicha, hujum qilgan kuchlar orasida yo‘qotishlar bo‘lgan, ammo u bu ma'lumotlarga oydinlik kirita olmagan.

Hozircha, Suriya rasmiylari bu masala bo‘yicha rasmiy bayonot berishgani yo‘q. 

CENTCOM vakilining ma'lumotiga ko‘ra, Amerika tomoni ushbu zarbalardan avval Rossiya harbiylari bilan bog‘langan va bu hududga yaqinlashayotgan kuchlar ortga qaytishlari zarurligini aytgan. 

Rossiya mudofaa vazirligi ham o‘z bayonotini berishga shoshilmayapti.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid