09:52 / 21.05.2017
22452

Trampning Ar-Riyodga tashrifi: rekord qiymatdagi qurol-aslaha bitimi va har tomonlama strategik hamkorlik 

Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoniga tashrifining ilk kuni AQSh tarixidagi eng yirik qurol-aslaha bitimini tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Saudiya Arabistoni va AQSh har tomonlama strategik hamkorlik haqida kelishib oldilar va 280 mlrd dollarlik bir qator kelishuvlarni imzolashdi.

Oq uy rasmiy vakili Shon Spayserning ma'lum qilishicha, rekord qiymatdagi mudofaa shartnomasi qiymati 109,7 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qildi.     

Ushbu kelishuvlar qirollik qurolli kuchlarini modernizatsiyalash, jumladan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini va "aqlli qurol"ni takomillashtirish, boshqa turdagi qurol-aslaha ishlab chiqarilishini mahalliylashtirishni ko‘zda tutadi. Bundan tashqari, AQSh Saudiya Arabistoniga 10 yil davomida 350 mlrd dollarlik qurol-aslaha yetkazib berish istagi haqidagi memorandumni imzoladi.

Ikki davlatning tegishli vazirliklari Saudiya Arabistonining axborot texnologiyalarini rivojlantirish korporatsiyasi va Apple o‘rtasidagi memorandumni, elektr energetika, foydali qazilmalarni qazib olish va aviatashuvlar sohalaridagi kelishuvlarni imzoladilar.  

Qirollikning texnologiyalar, infratuzilma va turar-joy sektori, neft-kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma investitsion loyihalar tasdiqlandi. Saudiya Arabistonining Saudi Aramco neft kompaniyasi amerikalik hamkorlar bilan umumiy qiymati 50 mlrd dollarlik kelishuvlar imzoladi. 

Trapmning tashrifi bilan parallel ravishda AQSh-Saudiya Arabistoni iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Uning davomida AQShning 50 ta kompaniyasi va Saudiya Arabistonining 40 ta kompaniyasi ijrochi direktorlari bir qator kelishuvlarni tuzishdi. Uchrashuv ishtirokchilari ushbu forum har yili o‘tkazilishi kerakligiga kelishib oldilar. 

Ar-Riyodda o‘tgan ushbu forumning yakuniy hujjati uzoq muddatli hamkorlik haqidagi deklaratsiya bo‘ldi. Deklaratsiyada davlatlarning o‘zaro tahdidlarga, birinchi navbatda "Yaqin Sharqdagi barqarorlik va xavfsizlikni xavf ostiga qo‘yayotgan" ekstremizmga qarshi kurashish istaklari bildirilgan. 

Davlatlar kamida bir yilda bir marta uchrashadigan qo‘shma maslahatlashuv guruhini shakllantirishga kelishib oldilar. Bu guruh ikki tomonlama hamkorlikning yo‘nalishlarini belgilash uchun yaratiladi.

Eron siyosati mavzusi AQSh va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining yakuniy matbuot-anjumanidagi eng asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Trampning Saudiya Arabistoniga tashrifi Erondagi prezidentlik saylovlari bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Odil al-Jubayr jurnalistlarning Hasan Ruhoniyning yana bir muddatga Eron prezidenti etib saylanganidan nimalar kutish kerakligi haqidagi savollariga "Erondagi saylov va Ruhoniyning qayta saylanishi bu ularning ichki ishidir, bizni alohida shaxslar emas, bu davlatning muayyan harakatlari ko‘proq qiziqtiradi", deb javob berdi.
Al-Jubayr Tehronni terrorchilikni qo‘llab-quvvatlashda va mintaqadagi ishlarga aralashuvda aybladi. "Eron arab davlatlari ishlariga aralashmoqda va terrorchilikni qo‘llab-quvvatlamoqda, u eng yirik terrorchilik tashkiloti "Hizbulloh"ni yaratgan. Ular Suriya va Yamandagi terrorchilarni moliyalashtiradilar, jumladan mening davlatimda teraktlar sodir etganlar. Bu yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari bilan hech qanday umumiy jihatga ega emas, bu normal munosabatlar istayotgan davlatning xatti-harakatlariga mutlaq xos emas", deb aytdi Al-Jubayr.

"Biz dunyoni, xalqaro huquqni hurmat qiladigan va boshqalar ishiga aralashmaydigan Eronni ko‘rishdan xursand bo‘lamiz. Biroq biz ko‘rayotgan Eron mutlaq o‘zgacha", deb qo‘shimcha qildi Al-Jubayr. U shu sababli Eronga yangi sanksiyalar kiritishga chaqirdi.

AQSh davlat kotibi Reks Tillerson, o‘z navbatida, AQSh arab qirolliklari Eron ta'siriga qarshi tura olishlari uchun ularning mudofaa salohiyatlarini mustahkamlash istagida ekanligini aytdi. 

AQSh prezidentining deyarli har bir qadamini kuzatib borgan arab OAVlarining e'tiborini rasmiy marosimlardan tashqari, Trampga safarida hamrohlik qilgan rafiqasi Melanya Tramp va qizi Ivanka Trampning tashqi ko‘rinishlari ham tortdi.

Top