18:18 / 22.05.2017
8657

Yamanda vabo tarqalmoqda, kasallikdan halok bo‘lganlar soni 315 nafarga yetdi

Foto: Reuters

Yaman vabo epidemiyasi xavfi ostida qoldi - bir oy ichida xastalikka chalingan 315 kishi jon bergan. Bu haqda Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lum qildi.

Vabo virusi harbiy ziddiyatlar davom etayotgan qashshoq arab davlatining 22 viloyatidan 19tasida qayd etilgan. Yamanda bu virusga yuqtirgani gumon qilinayotganlar soni 30 ming nafarga yaqin. Xastalikka asosan yosh bolalar chalinmoqda.

Oxirgi statistika ma'lumotlari shuni ko‘rsatmoqdaki, Yamanda vabo tarqalishi butunlay nazoratdan chiqib ketishi mumkin.

Al Jazeera telekanali xabariga ko‘ra, o‘tgan haftada mamlakat poytaxti Sano shahrida ushbu xastalikka chalinishlar soni ko‘pligi tufayli favqulodda holat e'lon qilindi.

Virus ifloslangan suv yoki taomdan tarqalmoqda. Belgilari qorin qattiq og‘rishi va qayt qilish. Og‘ir holatda davo choralari qilinmasa, bir necha soat ichida o‘lim bo‘ladi.

Ma'lum qilinishicha, Yamandagi tibbiyot muassasalarining yarmidan ko‘pi bu xastalikka qarshi kurashish uchun mo‘ljallanmagan. Urush tufayli mamlakatda 300ga yaqin shifoxona vayron bo‘lgan.

Yamandagi turli hududlarda 8 millionga yaqin kishi ushbu virusni yuqtirib olish xavfi ostida yashamoqda. Bu kishilar ifloslangan suv ichishi yoki taom yeb qo‘yishi mumkin.

Yaqin yarim yil ichida Yamanda ushbu xastalikka 4 millionga yaqin kishi chalinishi mumkin. Bu esa o‘n minglab qurbonlar demakdir.

Mavzuga oid
Top