17:09 / 22.05.2017
10748

O‘zbekistonlik ayollar maslahat markazlariga qaysi muammoli masalalar yuzasidan murojaat qilmoqda?

2017 yil 22 may kuni Toshkent shahar hokimligida Ayollar maslahat markazlari faoliyati yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi. Anjumanda markaz rahbarlari va xodimlari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. 

Toshkent shahridagi ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, xotin-qizlar o‘rtasida tibbiy va huquqiy savodxonlikni oshirish, uy bekalarining turmush tarzi, dunyoqarashi va munosabatlarini o‘rganish, turli ma'naviy xurujlardan saqlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi va "Mahalla" xayriya fondi bilan hamkorlikda 2014 yilda Shayxontohur tumanida, 2015 yilda Olmazor va Uchtepa tumanlarida Ayollar maslahat markazi tashkil etildi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2015-2016 yillarda markazlarga 15724 nafar xotin-qiz tashrif buyurgan. Ulardan 6356 nafari turli masalalar bo‘yicha yordam so‘rab, murojaat etishgan. 5693 shaxsga uslubiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatilgan. 2368 nafar fuqaroning muammoli masalasi ijobiy hal etilgan. 

2017 yilning dastlabki to‘rt oyida 4081 kishi murojaat qilgan bo‘lib, 1777 nafar shaxsning muammosini hal etishda ko‘mak berildi. 

Markazga ayollar asosan qaynona va kelin o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash hamda bandlik, ishga joylashish xususida, shuningdek, bola tarbiyasida yuzaga kelayotgan muammolar, homilador ayollarga zarur bo‘lgan maslahatlar, onkologik kasallikka chalingan bemorlarning psixologik holatini tiklash masalalari yuzasidan ba'zan shikoyat, ayrim hollarda, yordam va tavsiyalar so‘rab, murojaat qilishadi. 

Ayollar maslahat markazlari ayollar va xotin-qizlar bilan bevosita muloqotda bo‘lib, ularning dardini tinglash va muammoli masalalarini hal etish uchun tashkil etilgan. 

Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan Ayollar maslahat markazlariga quyidagi manzil va telefon raqamlari orqali murojaat etishingiz mumkin:

Olmazor tumani, Nodira ko‘chasi, 19A-uy. 
Tel: 240-56-06

Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 8-uy.
Tel: 245-73-82

Uchtepa tumani, Uyg‘un ko‘chasi, 492-uy.
Tel: 243-02-86

Mavzuga oid
Top