11:18 / 23.05.2017
7902

Kaliforniyalik shaxs Rossiyaga maxfiy ma'lumotlar bermoqchi bo‘lganini tan oldi

Foto: AP

AQShning Kaliforniya shtatida yashovchi Gregori Allen Jastis davlat ahamiyatiga molik maxfiy ma'lumotlarni sotish bo‘yicha o‘z aybini tan oldi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligi xabar berdi. 

Tergov ma'lumotiga ko‘ra, 2000 yildan beri AQSh mudofaa vazirligida muhandis sifatida ishlagan 49 yoshli Gregori Allen Jastis, o‘tgan yilda “sun'iy yo‘ldoshlardan maxfiy ma'lumotni” o‘g‘irlagan va uni Rossiya razvedkasi xodimi, deya hisoblagan shaxsga sotmoqchi bo‘lgan. Ammo u FQB agenti bo‘lib chiqdi.

Ta'kidlanishicha, Jastis AQSh harbiy va tijoriy sun'iy yo‘ldoshlarida o‘rnatilgan dasturiy ta'minotga aloqador maxfiy ma'lumotlarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan.

U FQB agenti bilan 2016 yilning fevral-iyul oylari davomida muloqotga chiqqan va maxfiy suratlar uchun “minglab dollar” so‘ragan. Bundan tashqari, u agentga “harbiy maqsadga mo‘ljallangan fazoviy qurilmalar” ishlab chiqaruvchi korxonaga “ekskursiya bilan” borishni ham taklif qilgan.

2016 yilning iyulida Jastis qo‘lga olindi. U sud yig‘ilishida o‘z aybini to‘la tan oldi va kasal rafiqasi uchun pul topmoqchi bo‘lganini iddao qildi. Endilikda u 35 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Muhandisga berilgan aniq jazo muddati 18 sentabr kuni e'lon qilinadi.

Top