Sport | 20:49 / 23.05.2017
22103
7 daqiqa o‘qiladi

«Real»ning oltin boshi». Uzoq kutilgan chempionlik qanday qo‘lga kiritildi?

Foto: Reuters

Mashhur murabbiy Arrigo Sakkining bir gapi bor: «Yomon o‘yinlarni kim yutsa, o‘sha chempion bo‘ladi». Ispaniya chempionatining yakunlangan mavsumi bu fikrni to‘la asosladi. «Barselona» o‘zining yomon o‘tkazgan o‘yinlarida ko‘proq ochko yo‘qotdi, «Real Madrid» esa qiyin bahslarida asosiy raqibiga qaraganda ko‘proq ochko yig‘a oldi. Oxir-oqibat, shu jihat «Qirollik klubi»ga orziqib kutilgan chempionlikni taqdim etdi.

La Ligada g‘alaba qozonish murakkab vazifa. Bu chempionatda har bir uchrashuvga jiddiy yondashish talab etiladi. Yo‘qotilgan istalgan ochko hal qiluvchi bo‘lishi mumkin, barqarorlik bo‘lmasa, g‘oliblikni orzu qilib ham bo‘lmaydi. Zayniddin Zidan jamoasi, birinchi navbatda, barqarorlik evaziga bu mavsumda barcha raqiblaridan ustun bo‘ldi. Aynan barqaror o‘yini bilan «oltin dubl» (La Liga va Chempionlar Ligasi g‘olibligi) qayd etishga yaqin turibdi. Bu naqadar murakkab vazifa ekanini madridliklar jamoasi so‘nggi «oltin dubli»ni bundan 59 yil oldin qo‘lga kiritganini eslatish kifoya. Zidan salkam 60 yillik to‘siqni yo‘qqa chiqarishga juda yaqin.

Nega aynan Zidan? «Real Madrid» emas? Madridliklar garchi doimo superklub sanalib kelingan bo‘lsa-da, barcha musobaqalarda birdek kurashadigan jamoa sanalmaydi. Shuning uchun ham «Oltin trebl» (bir mavsumda ham chempionat, ham mamlakat kubogi, ham YeChL g‘olibligi) qayd etgan Yevropaning yetti jamoasi orasida «Qirollik klubi»ni uchratmaymiz. Darvoqe, ushbu mavsumda Zidan jamoasi «oltin dubl» qayd etishga yaqin turgan bo‘lsa, uning YeChL finalidagi raqibi – «Yuventus» Yevropa futboli tarixida «oltin trebl»ga erishgan sakkizinchi jamoa bo‘lishga urinadi. 

Zidanga qaytamiz. Futbol afsonasi jamoani qabul qilib olgach, birinchi qilgan ishi – futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilashga qaratilgan edi. Buni u nafaqat mashg‘ulotlar orqali, balki o‘zining rotatsiyalari orqali ham amalga oshirdi. Murabbiy tarkibdagi barcha shogirdlariga imkon qadar bir xil o‘yin amaliyotini bera oldi. Superklublarda kam kuzatiladigan holat bu. Masalan, Zidanning ustozi sanalgan Anchelotti buning butkul teskarisi edi. U barcha musobaqalarda asosiy tarkibga tayangan holda kurash olib borardi. Balki shuning uchundir, barcha musobaqalarda g‘olib chiqishga jamoaning kuchi yetmasdi. Zidan shogirdlari esa hozir mavsum yakuni ekaniga qaramay, ajoyib jismoniy holatda bo‘lib turishibdi. Butun mavsum davomida shu tempni ushlab tura olishdi ular. 

Har safar uning qo‘l ostida tarkibdagi 18 futbolchi tayyor holda turdi – ham jismoniy, ham ruhiy, ham taktik jihatdan. Ularning istalgani istalgan vaqtda jamoasiga foyda bera oldi. Hech biri o‘yinning umumiy suratini buzib qo‘ymadi. Enrikening «Barselona»sida esa buning aksi bo‘ldi. Kataloniyaliklar jamoasi ochko yo‘qotgan ko‘pgina bahslarda aynan ikki-uch nafar rotatsiya vakillarining qo‘pol xatolari qimmatga tushdi. 

Bir eslang-a, hatto Danilo va Koentrau, Kasilya yoki Marianoning jamoasiga ochko olib kelgan o‘yinlar bo‘ldi. Isko, Nacho, Xames, Asensio, Vaskes va Morata kabi «zaxirachilar»ning chempionlikdagi ulushini esa gapirmasa ham bo‘ladi. Ularning har biri bir qancha muhim gollar ishtirokchilariga aylanishdi. Zidan ularni tarkibning ikkinchi tarkibi a'zolari sifatida «o‘tirib» qolishiga o‘zining rotatsiyalari orqali barham berdi. Asosiy tarkib sanalgan vakillar YeChLni zabt etayotgan bir vaqtda, aynan «zaxirachilar» La Ligadagi g‘oliblikda ko‘proq hissa qo‘shishdi. 

Teng taqsimlangan kuch Zidanga turli jarohat va diskvalifikatsiyalarni og‘riqsiz o‘tib ketishiga yo‘l ochdi. Istalgan murabbiy Beyldek futbolchisi jarohatdan boshi chiqmay qolsa, muammo girdobida qolgan bo‘lardi. Istalgan murabbiy, mavsumning asosiy qismini Ronaldudek yetakchisi sezilarli darajada bo‘sh o‘tkazsa, chora topa olmay qolardi. Zidan esa buni qiyinchiliksiz epladi. Benzema yo‘g‘ida Moratani, Ronalduni o‘rniga yosh Asensioni, Ramos yoki Marselo yordam bera olmaganda Nachoni katta sahnaga olib chiqaverdi. Beylning yo‘qligida Isko undan muhimroq futbolchi ekaniga barchani ishontirib qo‘ydi hatto.

Oxirgi «El-klasiko»da uchralgan mag‘lubiyat «Real»ni qiyin ahvolga solib qo‘ygandi — endi jamoaning xato qilishga haqi yo‘q edi. Zidan qanday yo‘l tutdi? Keyingi o‘yinda «Riasor»da butunlay boshqa tarkibni maydonga tushirdi. Axir «Barselona» bu yerda ochko yo‘qotganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan edi. Ishonch bildirilgan «ikkinchi» tarkib ishonchni to‘la oqladi.

Jismoniy holat, rotatsiya va murabbiyning har bir futbolchini o‘yinga ruhan va taktik tayyorlay olishi qiyin kechgan o‘yinlarda ham ochko olish imkonini berdi. Bunday bahslarning aksariyatida so‘nggi daqiqalarda urilgan gollar jamoaga yakunda chempionlikni taqdim qildi.

Zidan shu vaqtga qadar «Qirollik klubi»ga muammo tug‘dirib kelgan to‘siqlarni, noxush an'analarni chetga uloqtirib tashladi. Butun jamoani bir maqsad atrofida birlashtirdi, o‘z xarakterini singdirdi. Shu uchundir u Florentino Peresning eng omadli murabbiy-topilmasiga aylandi. Odatda boshqa murabbiylar ishiga ortiqcha aralashib, jamoa o‘yiniga zarar keltirib yurgan prezident ham o‘zini ikkinchi planga oldi. Bu mavsumda vaziyat to‘laligacha murabbiy boshqaruvida bo‘ldi. Va shu tarzda to‘g‘ri izga tushib olgan «Real» o‘z muxlislariga ketma-ket quvonchli onlarni taqdim qilyapti. 
Lutfullo Tursunov.

Mavzuga oid