15:09 / 23.05.2017
29978

Turkmanistonga tashrif yakunlari: O‘zbekiston dengiz portlariga chiqish imkoniyatlarini izlamoqda

Foto: President.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19–20 may kunlarida Turkmanistonga amaliy  tashrif bilan bordi. Bu — davlatimiz rahbarining prezidentlikka saylangach, qo‘shni davlatga ikkinchi tashrifi bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, Sh.Mirziyoyev saylovdan so‘ng ilk xorijiy tashrifini aynan Turkmanistondan boshlagan edi.

Prezidentning mart oyidagi ilk tashrifida Ashxobodda Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma hamda qo‘shma bayonot imzolangan edi.

Prezidentlar guvohligida 2018–2020 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, temiryo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum, madaniy-gumanitar sohada 2017–2019 yillarga mo‘ljallangan hukumatlararo hamkorlik dasturi va tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2017–2018 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolangan edi.

Xorazm va Doshog‘uz viloyatlari hamda Lebap va Buxoro viloyatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar imzolangan edi. Lebap viloyati markazi Turkmanobod shahrida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovga o‘rnatilgan yodgorlik ochilgan, shaharning asosiy ko‘chalaridan biri ham uning nomi bilan atalgan edi.

Darhaqiqat, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi siyosatda mushtarak qarashlarga ega, turli sohalarda samarali hamkorlik qilish uchun biri birini to‘ldiruvchi, ulkan salohiyatga ega mamlakatlar hisoblanadi.

Prezidentning ikkinchi tashrifida G.Berdimuhamedov bilan uchrashish uchun Balkan viloyatining ma'muriy markazi Turkmanboshi shahriga yetib bordi. Amaliy tashrif davomida qator muhim kelishuvlarga erishildi.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakat vazirlik va idoralari o‘rtasida neft-gaz, energetika, fan-ta'lim, ekologiya, transport-logistika, turizm va sport sohalaridagi aloqalarni izchil rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolandi. 

Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi

Turizm sohasini oladigan bo‘lsak, Turkmanistonda Kaspiy dengizi bo‘yidagi sog‘lomlashtirish va dam olish maskanlariga o‘zbekistonlik sayyohlarni jalb qilish imkoniyati bor. Prezident tashrifi oldidan Kaspiy dengizi sohilidagi bolalar sog‘lomlashtirish markazlari o‘zbekistonlik bolalarni qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan edi. Ana shu taklifga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan 100 nafar bola «Dayanch» bolalar sog‘lomlashtirish markazida dam olmoqda.

O‘zbekistonning ham qadimiy shaharlariga Turkmanistondan sayyohlar oqimini ko‘paytirish nazarda tutilgan.

Madaniyat va sport sohasidagi hamkorliklar bilan bir qatorda har ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish ushbu tashriflardan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad ekanligini imzolangan bitim va hujjatlardan ham ko‘rinib turibdi.

G.Berdimuhamedov va Sh.Mirziyoyev mart oyida Amudaryo orqali o‘tuvchi Turkmanobod-Farob yangi temir yo‘l ko‘prigini ochishgan edi. Yangi temir yo‘l ko‘prigining uzunligi 1750 metr, eng ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali qurilgan. Katta seysmik barqarorlikka ega va o‘ta og‘ir yuk poyezdlarining o‘tishi hisobga olingan konstruksiyalardan foydalanilgan. Ushbu ko‘prik O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida yuk va yo‘lovchi tashish bo‘yicha juda katta potensialga ega muhim obekt hisoblanadi.

Sh.Mirziyoyev Amudaryodan o‘tuvchi temiryo‘l va avtomobil ko‘priklari ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda yangi ko‘priklarning «do‘stlik ko‘priklari, yaqin qo‘shnichilik an'analarini davom ettirish ramzi bo‘lishi»ga ishonch bildirgan edi.

Prezidentimiz muhandislik xususiyatlari va geostrategik ahamiyatiga ko‘ra noyob hisoblangan Turkmanobod-Farob ko‘priklarining ishga tushirilishi nafaqat ikki birodar xalq, balki butun Markaziy Osiyo hayotida muhim bir davrni boshlab berishini ta'kidladi.

«Biz Turkmanboshi shahridagi dengiz porti, shuningdek Ashxobod–Turkmanboshi xalqaro avtobani qurilishining tugallanishini katta umid bilan kutyapmiz, — degan edi O‘zbekiston prezidenti. — Ushbu loyihalarni amalga oshirish Turkmaniston va Markaziy Osiyo mintaqasining transport-tranzit imkoniyatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taradi».

Turkmanobod-Farob avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining ochilishi samarasida yuk tashish ko‘rsatkichi 2,5 barobar ortgani qayd etildi. 

Ma'lumki, O‘zbekiston Lixtenshteyn bilan birgalikda atrofini o‘rab turgan qo‘shnilari ham jahon okeanlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘li yo‘q ikki davlatdan biri hisoblanadi. Biz jahon okeani sohillaridagi portlarga chiqishni istasak, Turkmaniston bilan yuksak hamkorlik qilishimiz talab etiladi. 

Jumladan, Kaspiy dengizidagi Turkmanboshi portidan Rossiyaning Volga daryosi, Volga-Don kanali orqali Qora dengizga, Volga-Boltiq suv yo‘li bilan Boltiq dengiziga chiqishimiz mumkin bo‘ladi. Shuningdek, Turmaniston orqali Fors ko‘rfazida joylashgan Eronning Bandar-Abbos portiga yo‘l ochish mumkin.

Ilgariroq Qozog‘iston, Turkmaniston va Eron O‘zbekistonni aylanib o‘tuvchi temir yo‘l barpo etish haqida kelishuv imzolagan edi. Yangi transport yo‘lagi muvaffaqiyatli tarzda faoliyat ko‘rsata boshlasa, O‘zbekiston ham ushbu yo‘lakdan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Yuqoridagilar hisobga olinadigan bo‘lsa, transport tranziti sohasida Turkmaniston bilan izchil hamkorlik qilish zaruriyati nechog‘lik muhim ahamiyatga ega ekanligi oydinlashadi.

Turkmaniston bilan yoqilg‘i energetika sohasida ham hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish borasida muzokaralar o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro TAPH loyihasida ishtirok etadi

Ma'lumki, Turkmaniston qazib olayotgan tabiiy gaz O‘zbekistondan o‘tuvchi quvurlar orqali Xitoyga va Rossiyaga eksport qilinadi. Sh.Mirziyoyev G.Berdimuhamedov bilan uchrashuvida O‘zbekistonning Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) gaz quvuri qurilishi loyihasida ishtirok etish istagini bildirdi.

TAPH gaz quvuri yiliga 33 mlrd. kub metr gazni o‘tkaza oladi. Umumiy uzunligi 1814 km.ni tashkil etuvchi gaz quvuri Turkmanistonning janubidagi Galkinish gaz konidan Hindistonning Fozilka shahrigacha boradi.

«O‘zbekneftgaz» ilk marotaba dengizdan neft qazib olishni yo‘lga qo‘ymoqchi

«O‘zbekneftgaz» MHK boshqaruvi raisi Alisher Sultonov ma'lum qilishicha, kompaniya ilk bor dengizdan neft qazib olishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Ushbu bitim o‘ta noyob hisoblanadi. Chunki «O‘zbekneftgaz» hali hech qachon geologiya-qidiruv ishlarini boshqa davlatlar hududida olib bormagan, dengizda ishlash bo‘yicha tajriba ham yo‘q. Lekin A.Sultonovning so‘zlariga ko‘ra: «Buni qachondir boshlash kerak edi. Bu degani — bizning hududlarda qazish ishlarini olib boradigan korxonalarimiz o‘zining texnologik qudrati va kadrlar tayyorlashni yuqori darajaga ko‘tarishi shart bo‘ladi».

«Dengizdan qazib olingan neftning bir qismi O‘zbekistonga ketadi. «O‘zbekneftgaz» zavodlarimizni arzon xom-ashyo bilan ta'minlash va imkon qadar neft mahsulotlarining tannarxini hamyonbop qilishni maqsad qilmoqda. Imzo chekilgan kelishuv aynan shu maqsadlar uchun xizmat qiladi», — dedi A.Sultonov. 

O‘zbekiston va Turkmaniston elektr energiya oqimi hamda tranzit borasida kelishib olishdi

O‘zbekiston va Turkmaniston elektr energiya oqimi hamda tranzit borasida ham kelishib olishdi.

«O‘zbekenergo» kompaniyasi hamda Turkmaniston Energetika vazirligi shanba kuni elektr energiya tranziti va oqimi sohasidagi hamkorlikka doir memorandumni imzolashdi. 

Mazkur memorandum O‘zbekiston energotizimi orqali Turkmanistondan Qozog‘iston va Qirg‘izistonga elektr energiyasi tranziti bo‘yicha hamkorlik rivojini ko‘zda tutadi. 

Shuningdek, memorandum «Turkmanenergo»ning «O‘zbekenergo» oldidagi qarzini uzish hisobiga elektr energiyasini yetkazish masalalarini ham o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda har ikki mamlakat manfaatlari mushtarakligi, ko‘p qirrali munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish uchun qat'iy xohish mavjudligi, davlatlar o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega ekani ta'kidlandi.

Sh.Shokirjonov tayyorladi

Top