Jahon | 13:59 / 25.05.2017
3074
2 daqiqa o‘qiladi

Kelayotgan haftadan Hindiston bosh vazirining Yevropa davlatlariga tashrifi boshlanadi

Foto: AP

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 29 maydan boshlab Yevropa mamlakatlariga tashrifini boshlaydi. U 1-2 iyun kunlari Rossiyada bo‘ladi va Prezident Vladimir Putin bilan Peterburgda o‘tadigan xalqaro iqtisodiy forumida uchrashadi. Bu haqda Hindiston TIV xabar bermoqda.

TIVning ta'kidlashicha, ikki tomonlama sammit Moskvadan boshqa joyda o‘tkazilayotgan birinchisidir. Modi Rossiya yetakchisi bilan ko‘rishganining ertasi kunida Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida faxriy mehmon sifatida ilk marta ishtirok etadi.

“Sankt-Peterburgda 1 iyun kuni o‘tadigan sammitda hind-rus munosabatlarining barcha jabhalari muhokama qilinadi va bundan oldin, 2016 yilning 15 oktabrida Goada o‘tgan sammitdan buyon amalga oshirilgan ishlar baholanadi”, — deb qo‘shimcha qildi TIV.

Modi Sankt-Peterburgga tashrif buyurishidan oldin Germaniya va Ispaniyaga boradi. 29 may kuni Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashadi. Modi, shuningdek, mamlakat prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan ham ko‘rishadi. “Hindiston va Germaniya munosabatlari strategik hamkorlikni ifodalaydi. Mazkur tashrif ushbu munosabatlarga yangi kuch bag‘ishlaydi”, — deyiladi TIV xabarida.

Bosh vazir 30 may kuni ispaniyalik hamkasbi Mariano Raxoy bilan uchrashadi. Shuningdek, qirol Filipp VI huzurida bo‘ladi va ispan biznes hamjamiyatining muzokaralar doirasida ishtirok etadi.

Rossiyaga tashrifi yakunlangach, Modi 2-3 iyun kunlari Fransiyaga tashrif buyuradi va yangi prezident Emmanuel Makron bilan uchrashadi. Ikki yetakchi “Hindiston-Fransiya o‘rtasidagi strategik aloqalarni mustahkamlash maqsadida o‘zaro manfaatdorlik masalalari”ni muhokama etishadi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid