Jahon | 16:46 / 26.05.2017
7226
2 daqiqa o‘qiladi

Taorminada G7 sammiti boshlandi. Asosan qaysi masalalar muhokama etiladi?

Foto: AP

Italiyaning Sitsiliya orolida “Katta yettilik”ning navbatdagi, hisob bo‘yicha 43-sammiti o‘z ishini boshladi. Sanoat jihatidan eng rivojlangan yetti davlat – Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Yaponiya yetakchilari uchrashuvi – Taormina shahrining eramizdan avvalgi III asrigacha bo‘lgan grek teatri antik kolonnalari fonida umumiy suratga tushish bilan ochildi.  

Juma kuniga rejalashtirilgan yalpi sessiyalar tashqi siyosat va xavfsizlik muammolariga bag‘ishlanadi. Sammit kun tartibiga Manchesterdagi teraktdan so‘ng terrorizm bilan kurash masalasi kiritildi, hamda, kecha uchrashuv mezboni – Italiya bosh vaziri Paolo Jyentilonining ma'lum qilishicha, yakuniy deklaratsiyaga terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha choralarni kuchaytirish haqida alohida qo‘shma bayonotni kiritish mo‘ljallangan.

Shuningdek, Jyentilonining ta'kidlashicha, “munozaralar yengil bo‘lmaydi”. Kuzatuvchilarning fikricha, ko‘proq erkin tovar ayirboshlash va iqlim o‘zgarishi kabi masalalarda qarama-qarshiliklar bor. Ma'lumki, Amerika prezidenti Donald Tramp aynan shu mavzularda sheriklari pozitsiyasiga qo‘shilayotgani yo‘q.

“Yettilik” yetakchilarining maqsadlaridan biri – Trampni iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimidan chiqmaslikka ko‘ndirish. Amerika rahbari esa sammitdan avval, yakuniy qarorni Taorminadan so‘ng qabul qilishi haqida aytib o‘tdi.

Rossiya bilan bog‘liq masala ham ancha tushunarsiz. Ekspertlar taxminiga ko‘ra, RF bilan munosabatlar albatta muhokama qilinadi, bunga xalqaro barqarorlikni ta'minlash nuqtai nazaridan ham yondashiladi. Italiya bir necha bor RF bilan munosabatlarni barqarorlashtirish va yirik xalqaro inqirozlarni tartibga solishda teng huquqli muloqotni yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifalar ekanini ma'lum qilgandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid