Jamiyat | 20:33 / 29.05.2017
38373
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada dovul oqibatida 11 kishi halok bo‘ldi, 70 ga yaqin odam jarohat oldi

Foto:360tv.ru

Moskva shahri va Moskva viloyatida 29 mayda kuzatilgan dovul oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda "Interfaks" axborot agentligi xabar bermoqda. Dastlab 6 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingan. Odamlar ustlariga daraxtlar va boshqa buyumlar qulashi oqibatida halok bo‘lganlar. 

Mahalliy vaqt bilan soat 15:00larda tezligi 22 m/c ga yetgan shamol bilan jala boshlangan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari shamol daraxtlarni va tomlardagi yopmalarni qo‘porib tashlayotgani videolarini joylashtirishgan. Rossiya Gidrometsentrining prognoziga ko‘ra, shunday ob-havo 30 may kuni ham saqlanib qoladi, 31 may kuni ham jala yog‘ishi mumkin. 

Foto: TASS

Shuningdek, havo harorati 2 soat ichida 10 gradusga tushib ketgan: dovul boshlangungacha havo harorati 25,3 gradus bo‘lgan bo‘lsa, 17:00 ga kelib u 15 gradusni tashkil qilgan.  

O‘z navbatida Moskva meri Sergey Sobyanin dovuldan keyin 40 dan ko‘proq odam tibbiy yordam so‘rab shifoxonalarga murojaat qilganini ma'lum qilgan.

"Dovul oqibatida halok bo‘lganlar bor, 40 dan ko‘proq odam tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Halok bo‘lganlar oilalari va yaqinlariga hamdardlik bildiraman", deb yozgan Sobyanin tvitterda.

Moskva shahri va Moskva viloyatida shamol kuchayotgani va momaqaldiroq yaqinlashayotgani sababli xavflilikning "sariq" darajasi e'lon qilingan.

Ta'kidlanishicha, kuchli shamol Moskva viloyatining Shaxov tumanidagi tug‘uruqxonaning tomini uchirib yuborgan. Shuningdek, kuchli shamol Moskva ko‘chalaridan biridagi avtobus bekatini qo‘porib tashlagan. Qo‘porilgan bekat bir odamni bosib qolgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid