Xirosimaga atom bombasi tashlangani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan ayol vafot etdi
Xirosimaning AQSh qurolli kuchlari tomondan bombardimon qilinishi haqida birinchi bo‘lib xabar bergani e'tirof etiladigan yaponiyalik Yosie Oka yomon sifatli limfoma (onkologik kasallik) tufayli vafot etdi.
NHK telekanalining ma'lum qilishicha, ayol 19 may kuni vafot etgan, biroq bu haqda endigina ma'lum bo‘lgan.
1945 yilda 14 yoshli Oka aloqani ta'minlovchi bo‘linmada xizmat qilish uchun harbiy qo‘mondonlikning mahalliy markaziga yo‘llangan. AQShning bombardimonidan keyin u darhol rahbariyatga xabar bergan. "Xirosima yangi turdagi bomba bilan bombardimon qilindi. Shaxar butkul vayron bo‘lish holatida", deb eslagan ayol o‘shandagi hisobotini.
Oka o‘z yodnomalarida bomba shaharga tushgandan keyin ko‘chaga chiqib, yaralangan askarni ko‘rganini eslab o‘tgan. Aynan askar unga yangi turdagi bomba bilan hujum qilinganini aytgan. Oka esa bu haqda Fukuyamadagi aloqa stansiyasidagi bunkerdan maxsus telefon orqali ma'lum qilgan.
Ayol butun hayoti davomida radiatsion nurlanishdan aziyat chekib kelgan va Yaponiyada atom bombardimonlaridan omon chiqqan odamlar ataladigan xibakusya hisoblangan. Ayol yadroviy qurolning qo‘llanishi oqibatlari va begunoh odamlarning azob-uqubatlarini so‘zlab berish bilan faol mashg‘ul bo‘lgan.
Xirosima va Nagasaki shaharlariga uyushtirilgan atom bombardimonlari AQSh qurolli kuchlari tomondan Ikkinchi jahon urushining oxirida sodir etilgan. Rasman bundan maqsad Yaponiya imperiyasining taslim bo‘lishini tezlashtirish deb aytilgan. Bu hujumlar insoniyat tarixida yadroviy qurol jangovar vaziyatda qo‘llangan yagona holatlar hisoblanadi.
1945 yil 6 avgustda Xirosimada bomba portlashi oqibatida 70 mingdan 100 minggacha odam bir zumda halok bo‘lgan, omon qolganlar esa nur kasalligi va hujum asoratlaridan vafot etganlar. Xirosimaga atom hujumidan halok bo‘lganlarning umumiy soni 303 ming 195 kishini tashkil qilgan.
Nagasakiga hujum esa 1945 yil 9 avgustda sodir etilgan. Portlash vaqtida 70 ming kishi halok bo‘lgan, shahar butkul yo‘q bo‘lib ketgan. 2016 yil ma'lumotlariga ko‘ra, bu portlashdan halok bo‘lganlar soni 172 ming 230 kishini tashkil qilgan.
Mavzuga oid
17:24
The Times: Kiyev bir necha oy ichida oddiy atom bombasini yaratishi mumkin
12:40 / 25.08.2024
SSSR ommadan yashirgan sinov: Permda portlatilgan uchta atom bombasi
20:42 / 01.08.2024
Isroil Nagasakida o‘tkaziladigan tinchlik marosimiga taklif etilmaydigan bo‘ldi
17:40 / 28.07.2024