Jahon | 10:39 / 01.06.2017
6739
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidenti ishsizlik bilan kurashishga qat'iy ahd qildi: bu 159 mlrd dollarga tushadi

Foto: Reuters

Koreya Respublikasining rejalashtirish bo‘yicha milliy maslahat qo‘mitasi mamlakat prezidenti Mun Chje Inning saylovoldi dasturida davlat sektorida 810 mingta ish o‘rnini yaratish bo‘yicha bergan va'dasini amalga oshirish uchun mablag‘ izlashga tushdi. Bu haqda moliya va davlat rejalashtirish vazirligi tomonidan e'lon qilingan hisobotda aytilgan.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, bu maqsadlar uchun 159 mlrd. dollar talab etiladi. "Ulardan 100 mlrd. dollarini byudjyet xarajatlarini qisqartirish va moliyaviy islohot o‘tkazish hisobidan ta'minlash rejalashtirilgan", - deya ta'kidlanadi hisobotda.

Shu bilan birga, qolgan 59 mlrd. dollarni soliq tushumlaridan yig‘ish mo‘ljallangan. Idoraning ko‘rsatishicha, “soliqlarni oshirmasdan turib buni qilish qiyin bo‘ladi”.

Mun Chje Inning fikricha, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darhol hal qilish lozim bo‘lgan asosiy muammolardan biridir. Davlat rahbari bir hafta avval o‘z ofisida mehnat bozoridagi vaziyat haqida ma'lumotlar beruvchi monitorlarni joylashtirish haqida qaror ham qabul qildi.

Prezidentning ko‘rsatishicha, hukumat bu masala bilan jiddiy shug‘ullanishi lozim. Uning so‘zlariga ko‘ra, ish o‘rinlarini yaratish siyosati iqtisodiyot o‘sishini ta'minlashning eng yaxshi strategiyasidir. U aholining daromadlar hajmi bo‘yicha ajralishi muammosini yechadi va ijtimoiy ta'minot tizimining rivojiga hissa qo‘shadi.

2017 yilda Janubiy Koreyadagi ishsizlar soni 2000 yildan beri ilk bor million kishidan oshib ketdi va mehnatga layoqatli aholining 3,7 foizini tashkil etdi. Shu bilan birga, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 9,8 foizga teng bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid