11:15 / 02.06.2017
15192

Uyida qurol saqlagan 70 yoshdan oshgan shaxs fosh etildi

Foto: Fotolia

O‘tgan yilning fevral oyida Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro Laziz Nosirov qonunga xilof ravishda ish tutadi. U o‘z xonadonidagi shkafda turli xildagi o‘qotar qurollar va uning ehtiyot qismlarini hech qanday maxsus ruxsatnomasiz yashirincha saqlaydi. Holbuki, bu shaxs ishining qonunga xilof ekanligini juda yaxshi bilardi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

IIB xodimlari tomonidan L.Nosirovning yashash xonadonida tintuv o‘tkazilganida, uyidagi mebel ichidan qo‘lbola usulda tayyorlangan o‘qotar qurol, 69 dona qurilish va “Start” to‘pponchasi uchun ishlatiladigan patronlar, bundan tashqari, 2 dona sport va ov quroli patroni gilzalari, 3 dona qurilish va “Start” to‘pponchasi uchun ishlatiladigan 5,6 mm. kalibrli paxtavon (bo‘sh) patronlar topildi.

Sud majlisi jarayonida L.Nosirov o‘z qilmishini oqlash uchun o‘qotar qurollar bo‘yicha tajribasi va bilimi yetarli ekanligini, o‘zi tayyorlagan qo‘lbola o‘qotar quroldan faqat motor uskunalarini ta'mirlash uchungina foydalanganini tushuntirishga urinib ko‘rarkan, ularni o‘zida saqlash qonunga muvofiq taqiqlanganidan xabari bo‘lganini ham aytib o‘tdi. Qonunni bilmagan holda buzish jinoyat, ammo uni bila turib chetlab o‘tish undan-da og‘ir jinoyatdir. Garchi u bu qurollardan yovuz niyatlarda foydalanmagan va bu qilmishining ijtimoiy xavflilik darajasi u qadar yuqori bo‘lmasa-da, bila turib belgilangan qonuniy me'yorni buzgani va ularga behurmatlik qilishga botinganining o‘zi katta jinoyatdir. Har holda, yoshi 70 dan oshgan L.Nosirov uning uyidagi qurol nogoh qaysidir yovuz niyatli kishining yoki yosh bolaning qo‘liga tushib qolsa, oqibati fojiaviy tus olishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘rsa bo‘lardi.

L.Nosirov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.  

 

Top