Jahon | 20:33 / 05.06.2017
7549
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Turkiyadan qo‘shinlarini olib chiqib ketmoqchi

Foto: dw.de

Nemis deputatlarining nemis harbiylari joylashtirilgan Turkiyadagi "Injirlik" bazasiga tashrifi bo‘yicha Berlin va Anqara o‘rtasidagi nizoni tartibga solishga oxirgi urinish muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel Anqaraga tashrifi vaqtida 5 iyunda Turkiya hukumati bilan Germaniya rasmiylarining bazaga cheklovsiz tashrif buyurishi bo‘yicha kelisha olmadi.

"Men juda afsusdaman, biroq biz Injirlik bazasidan askarlarimizni boshqa joyga ko‘chirishga majbur bo‘lishimizni tushunishlarini istayman", deb aytdi turkiyalik hamkasbi Mavlud Chovusho‘g‘lu bilan uchrashuvdan keyin Gabriel. Uning aytishicha, nemis harbiylarining Turkiyadan olib chiqilishi bo‘yicha qaror rasman qabul qilinmagan va bu jarayon qanday yuz berishi bo‘yicha hech qanday reja ham mavjud emas. 

Turkiyaga tashrif oldidan Gabriel Bild am Sonntag nemis nashriga bergan intervyusida bundesverning Iordaniya bilan hamkorlik qilishi mumkinligi haqida aytgan. Uning ta'kidlashicha, agar Turkiya siyosiy sabablarga ko‘ra, nemis deputatlariga bazaga kelishga ruxsat bera olmasa yoki berishni istamasa, unda Berlin va Anqara "nemis qo‘shinlarining joylashtirilishi yakunlanishi masalasini hech qanday nizosiz, tinch hal qilishi lozim".

Uning aytishicha, nemis harbiy kontingentining Iordaniyaga ko‘chirilishi bo‘yicha hech qanday to‘siqlar yo‘q. 

Ayni vaqtda Turkiyadagi bazada 260 ga yaqin nemis harbiysi joylashtirilgan. Ular havo razvedkasi olib borish va samolyotlarga yoqilg‘i quyish bilan IShIDga qarshi havo zarbalarini qo‘llab-quvvatlaydilar. 

Eslatib o‘tamiz, Turkiya va Germaniya o‘rtasida bazaga tashrif bo‘yicha nizo Anqara nemis deputatlari delegatsiyasiga bazaga kelishga ruxsat bermagandan keyin may oyida yuz bergan. Turkiyaning bunday yo‘l tutishiga Berlin o‘tgan yil yozda Turkiyada sodir etilgan davlat to‘ntaruviga urinishga aloqador bo‘lgan turkiyalik harbiylarga boshpana bergani sabab bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid