Jahon | 08:02 / 06.06.2017
11374
4 daqiqa o‘qiladi

Qatar qo‘shnilari bilan munosabatlarning uzilishidan jiddiy zarar ko‘radi

Foto: RIA "Novosti"

Qatar davlatining yaqin qo‘shnilari — Saudiya Arabistoni, BAA va Bahraynning bu mamlakat bilan diplomatik aloqalarni uzish va barcha qatnovlarni to‘xtatish borasidagi qarori Dohaga yirik iqtisodiy zararlar bilan tahdid solmoqda, deb yozadi umumarabiy «Ash-Sharq ul-Ausat» nashri.

Saudiya Arabistoni, Bahrayn, BAA va Misr dushanba kuni Dohani terrorchilik tashkilotlari bilan aloqada va Yaqin Sharqdagi vaziyatni izdan chiqarishda ayblab, Qatar bilan diplomatik aloqalarni to‘xtatgan. Keyinchalik Liviyaning sharqiy qismi hukumati, Yaman, shuningdek, Maldiv orollari ham Qatar bilan munosabatlarni uzganliklarini e'lon qilishdi. 

«Ash-Sharq ul-Ausat» ekspertlarining fikricha, Qatarning qo‘shnilari tomonidan, ayniqsa, iqtisodiy qamal joriy etilishi savdo va biznes-faollikka salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Qatarni boshqa mamlakatlar bilan bog‘lovchi yer ustidagi yagona chegara o‘tkazish punkti Saudiya Arabistoni bilan chegarada joylashgan — Abu Samradan oyiga 300 ming odam o‘tadi, har kuni o‘rtacha 600–800 yuk mashinalari o‘tkaziladi.

BAA va Saudiya Arabistoni birinchi navbatda oziq-ovqat savdosida Qatarning eng yirik hamkorlari hisoblanishadi. «Ash-Sharq ul-Ausat» keltirayotgan 2015 yilgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu ikki mamlakat Qatarga olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari hajmi bo‘yicha birinchi va ikkinchi o‘rinni egallashgan. 2015 yilda bu ko‘rsatkich 310 million dollarga teng bo‘lgan.

Saudiya Arabistoni Qatarga go‘sht va go‘sht mahsulotlari eksport qilishda birinchi o‘rinni, sabzavotlar eksportida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi, BAA esa Qatarga sabzavotlar eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘rinda.

Yoqilg‘i eksportiga to‘xtalsak, uning Qatarga yetkazilishini asosan Bahrayn ta'minlab kelgan, ikkinchi o‘rinda BAA turadi. Umuman olganda, BAA yiliga yarim milliard dollarlik turli foydali qazilmalarni Qatarga yetkazib turgan.

Nashrning qayd etishicha, qabul qilingan qaror qatarlik tadbirkorlarning Saudiya Arabistonidagi manfaatlariga ham salbiy ta'sir qiladi, ular butun mintaqada va asosan mana shu mamlakatda biznes yuritishadi.

Saudiya Arabistoni bilan quruqlikdagi chegara orqali savdo munosabatlari to‘xtatilishi ketidan 2022 yili Qatarda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati obektlari qurilishi ham to‘xtaydi, chunki materiallarning asosiy qismi aynan Saudiya Arabistoni orqali olib kirilgan.

Havo hududining yopilishi va qo‘shni davlatlarga qatnovning bekor qilinishi natijasida Qatarning asosiy savdo dvigateli — Qatar Airways aviakompaniyasi ham ulkan zararlarga duchor bo‘ladi. U har kuni uch qo‘shni davlatga 40 dan ortiq reys amalga oshirgan. O‘tgan yili Doha xalqaro aeroporti Fors ko‘rfazi davlatlariga tranzit bilan uchayotganlari ham hisobga olinganida, 37 million yo‘lovchini qabul qilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid