Qatar o‘zining tashqi siyosatini o‘zgartirmasligini ma'lum qildi
Qatar hukumati mustaqil tashqi siyosatini davom ettiradi va Dohaga bosim o‘tkazishga urinishlarni nomaqbul deb hisoblaydi. Amirlik tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy 8 iyun kuni bunday bayonot bilan Al Mayadeen telekanalida chiqish qildi.
"Biz taslim bo‘lishga tayyormasmiz va hech qachon o‘zimizning mustaqil tashqi siyosatimizdan voz kechishga tayyor bo‘lmaymiz", deb aytdi diplomat. "Biz tashqi siyosatimizga har qanday aralashuvga qat'iyan qarshimiz", deb aytdi Ol Soniy. Uning bu bayonoti Doha bilan diplomatik aloqalarni uzgan bir qator arab davlatlarining vaziyatni tartibga solish uchun Qatar o‘z siyosatini o‘zgartirishi kerakligi talabi ortida yangradi. Qatar o‘z siyosatini o‘zgartirishini Saudiya Arabistoni, BAA va Bahrayn talab qilmoqda. Ular Doha ekstremistik mafkura va terrorchilikni qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlab, Qatarni adovat va arab davlatlari ishlariga aralashuvda ayblamoqdalar.
Ol Soniy Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi saflarida yuzaga kelgan inqiroz haqida gapirib, vujudga kelgan vaziyat "mintaqa barqarorligiga xavf solishini" ta'kidlab o‘tdi. Shu bilan birga vazir vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish ustuvor bo‘lib qolishini va muammoning yechimi harbiy ssenariy bo‘yicha ketishi mumkinligini istisno qildi. "Bu muammoning hech qachon harbiy yechimi bo‘lmaydi", deb aytgan Qatar vaziri.
Ol Soniy jurnalistlarning oxirgi kunlarda arab sun'iy yo‘ldoshli telekanallarining markaziy mavzusiga aylangan Qatardagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha bergan savollariga Dohada "oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda emasliklarini" aytdi. U, shuningdek, OAVning Qatar Eron bilan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilishi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgani haqidagi xabarini tasdiqladi. "Eron Qatarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishni ta'minlashga tayyorligi va u uchun uchta dengiz portini ochishini bildirgan", deb aytdi Ol Soniy va Doha bu masala bo‘yicha yakuniy qarorga kelmaganini aytdi. Avvalroq amirlik savdo-sanoat palatasida mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari strategik zaxiralari yana kamida 12 oyga yetishi ma'lum qilingan.
Mavzuga oid
22:56 / 15.11.2024
Hamas korpusi Qatardan ketadimi? Qaysi davlatga?
23:32 / 14.11.2024
JCh-2026 saralashi. O‘zbekiston 90+12-daqiqada gol o‘tkazib, Qatarda mag‘lubiyatga uchradi
11:16 / 14.11.2024
«Qatarga Osiyo chempioni sifatida qaramasligimiz kerak»
20:17 / 12.11.2024