Jamiyat | 11:41 / 08.06.2017
48846
21 daqiqa o‘qiladi

Oyga osilgan bayroq (Sharof Rashidovni xotirlab)

1983 yil edi. Otam bir necha oydirki to‘shakda qimirlamay shiftga qarab yotar, uyda bor budimizni sotib shifoxonaga tashir, allaqachon ro‘zg‘orimizning tagi ko‘rinib qolgan bo‘lsada, otamning sog‘ayib ketishiga ishonib, shifokorlar nima desa hammasini muhayyo etar, kecha-yu kunduz otamning oldidan bir qadam nari siljimasdik. Onamning qop-qora sochlari shu bir necha kecha-yu kunduzning ichida ko‘zimiz o‘ngida oppoq oqarib ketganini ko‘rib turar edik.

“Mana Rashidovday odam ham vafot etibdi. Do‘xtirlar ushlab qololsa shu odamni ushlab qolar edi. Endi dori-darmon tashishni bas qilinglar. Endi o‘lishimga ishondim. Endi mendan rozi bo‘lib xayrlashinglar. Men hammalaringdan roziman...”

Otam o‘sha kuni tongoldi qazo qildi. Otamning yuragida Rashidovga nisbatan juda katta ehtirom va ishonch bor edi. Uning ko‘z o‘ngida buyuk tog‘ qulagan edi. Buyuk tog‘ning qulashi oldida o‘z umrining nihoyaga yetishi hech gap emasdek tuyulgan edi. Men otam o‘sha so‘zni aytganidan so‘ng uning yuragida Rashidovga nisbatan naqadar ulug‘ muhabbat borligini anglagan edim.

***

Keyinchalik hayotimizda bola tasavvurimga sig‘maydigan hodisalar ro‘y bera boshladi. Rashidov shaxsiga nisbatan tosh otishlar avj oldi. U paytlarda matbuotga endigina kirib kela boshlagan edim. Tuman gazetasiga paxtakorlar, sholikorlar, Mirzacho‘l dehqonlari haqida kichik-kichik lavhalar, maqolalar yozar, dalama-dala yurishdan charchamasdim. O‘sha yillari Sirdaryoning katta cho‘lquvarlaridan biri Abdullajon Turdiqulovning Rashidov haqida aytib bergan hikoyasi hech esimdan chiqmaydi: “Sharof aka shiyponimizga keldilar. Obdastada suv quyib, qo‘llariga sochiq tutdim. Katta odamga katta sochiq berish kerak, deb o‘ylaganman shekilli, tutgan sochig‘imga qo‘llarini arta turib, ohista va mayin ovozda: “Sochiq ham katta kichikligiga qarab bir necha turli bo‘ladi. Badan artadigan sochiq, yuz artadigan, qo‘l artadigan, oyoq artadigan. Siz menga cho‘milishda artinadigan sochiq tutdingiz”dedilar. Sharof aka bu gaplarni menga kulib va erkalab aytdilar. So‘zlarida hech qanaqa dakki va tanbeh ohangi bo‘lmasada umrimning oxirigacha yetadigan saboq olgan edim va o‘shandan keyin har bir xatti-harakatimga e'tibor beradigan va har bir narsaning o‘z vazifasi borligini anglaydigan bo‘ldim”.

***

Markaziy matbuotda Rashidovga tosh otish urfga aylanayotgan paytda tumanimizda chiqadigan “Yangiyer tongi” gazetasi tahririyatida Anqaboy Quljonov bilan tushlik qilishimizga to‘g‘ri kelib qoldi. Anqaboy aka katta olim edi. Suhbat mavzui aylanib Rashidovga taqaldi. Shunda Anqaboy aka: “Men hozirgi matbuotga hayronman, - dedilar. “Yo‘q narsani to‘qib yozishga usta bo‘lib ketdi. Axir men bilaman-ku, Sharof aka o‘ttiz to‘rt yil respublikamizning eng katta rahbari bo‘lib ishlagani bilan tagida hatto bitta velosipedi yo‘q edi. Dehqonda moshina bor, oshpazda moshina bor, Sharof akaning shaxsiy moshinasi yo‘q edi. Shaxsiy hovlisi yo‘q. Davlat bergan “dom”da turadi. Agar Sharof akaning nafsi bo‘lganda o‘ziga bitta moshina, bitta hovli sotib olsa bo‘lmasmidi? Hamza mukofotini, Beruniy mukofotini olaman desa kim “yo‘q” der edi? Akademik bo‘laman desa, kim qarshi chiqa olardi? Hammasi o‘zining qo‘lida edi-ku?! Qo‘l ostida shuncha boylik bo‘la turib, ulardan yuz o‘girish faqat avliyolarning qo‘lidan keladi. To‘g‘ri Moskva mukofotlagan, lekin ularning hech birini o‘zi so‘rab olgan emas, ularni olmayman deyish mumkin bo‘lmaganligi uchun olgan, olish shart bo‘lganligi, u mukofotlar uning o‘ziga emas, O‘zbekiston xalqining obro‘siga obro‘ qo‘shayotganligi uchun olgan. Qolgan respublika rahbarlari olayotganligi uchun olgan. Respublikamizda Rashidov davrida 1 million 355 ming gektar cho‘l yer o‘zlashtirilib, bog‘u-roqqa aylantirilibdi, bir yarim mingta savxoz tashkil etilibdi. Bu oson ish emas. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lib qoladigan ish emas. Bir jonkuyar rahbar turmasa, jonini fido qilmasa, halollik va adolat bilan bosh-qosh bo‘lmasa, bu ishlar amalga osharmidi?!”

***

80-yillar Toshkentdagi hayotim boshlandi. Toshkentda adabiy muhit qaynab yotar edi. Hamma go‘yo ulkan inqilobga shiddat bilan hozirlik ko‘rayotgandek edi. Qaysi shoir yo yozuvchiga uchramang o‘zining yuzlab adabiy personajlariga, obrazlariga, dunyoqarashlariga, yeru-ko‘kka sig‘mas fe'lu-atvorga ega qahramonlari bilan besaranjom, shovqin-so‘ron, baqir-chaqir ovozlari bilan yashar, talab qilar, taltayar, o‘lik sukunatni buzgisi kelardi. Abdulla Oripovning “Tilla baliqcha” she'ri bosilib chiqqach, qattiq tanqidlarga uchragan, gazetalarda Abdulla aka haqida “Sovet davlat”ini sassiq ko‘lmakka o‘xshatdi deya ayyuhannos solib, qamash darajasigacha borishgan, faqat birgina Sharof Rashidovning ko‘magi tufayli omon qolgan va Abdulla aka “Najot qal'asi” kitobini Sharof Rashidovga bag‘ishlagan, dovyurak yozuvchi Mamadali Mahmudovning “O‘lmas qoyalar” romani “Sharq yulduzi” jurnalida ketma-ket bosilib chiqqan, roman tanqidga uchrab, bosh muharrir ishdan ketgan, jurnal ijodkorlari tarqatilib yuborilgan, jurnalning o‘zi yig‘ib olinib, gulxanda yoqilgan, Mamadali aka tazyiqda qochib yurgan, nihoyat qamalib ketmasin deb, Sharof Rashidov uni Moskva etagidagi Butunittifoq Yozuvchilarining Peredelkinodagi bog‘iga qochirib yuborgan, boshidan qaro kunlar, zulmatli lahzalar arimay qolgan Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanini Moskvada ikki yuz ming nusxada rus tilida chop etib, ajdarhoning komidan eson-omon asrab qolgan Sharof Rashidov haqida, qahramonligi, samimiyligi, dilkashligi, yuksak insoniy fazilatlari haqida gap borardi. (Albatta, Sharof Rashidov haqidagi gaplar bir maqolaga yoki bir kitobga sig‘maydi. Baholi qudrat kichkina bir maqola bilan cheklanaman, xolos.)

Toshkentni o‘ziga kelsak, asr boshida 30000 aholiga ega Toshkent ikki million aholi yashaydigan, AQSh poytaxti Vashingtondan to‘rt barobar katta gigant shaharga aylangandi. 1966 yilgi zilziladan so‘ng xorij matbuoti Toshkentni qayta tiklash uchun to‘rt yuz yil kerak deb yozgan ekan. Unday bo‘lmadi. To‘rt yilni ichida Toshkentni ikki barobar katta qilib qaytadan bunyod etishdi. Chilonzor, Yunusobod, Qoraqamish, Yangiobod, Talabalar shaharchasi singari daha va tumanlar paydo bo‘ldi. Dunyodagi eng katta teleminoralardan biri qurildi. Keyinchalik Hindistonda, Misrda, Pokistonda yo‘q metro ishga tushdi. Yana yuzlab, yana minglab bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, bularning hammasining son-sanog‘i yo‘q, bularning hammasi bugun xalqimiz xizmatida, bu bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarining hammasi xalqimiz ko‘z o‘ngida qad rostlab turibdi. Bu ulkan zafarlarning barchasining boshida Sharof Rashidov turardi. Ammo bularni inkor etuvchilar ham bor ekan. Ularni ham ko‘rdik, tuppa-tuzuk ijodkorlar razolat va jaholat botqog‘iga botishi mumkin ekanligiga guvoh bo‘ldik. Odamzot qay darajada tubanlashishi mumkinligiga aqlimiz yetdi.

***

Davrimizning zabardast yozuvchisi, ustoz Abdusaid Ko‘chimov shunday bir qiziqarli, ibratli hikoyani so‘zlab bergan edi: “Men Sharof Rashidov qizini uzatayotgan to‘yda qatnashganman. 30-40 kishilik chog‘roq davra edi. Hamma o‘tiribdi. Bir payt Sharof aka keldi va Xursandoy onani yoniga o‘tirdi, biroz o‘tirgach, turib kelin-kuyovning sharafiga ikki og‘iz so‘z aytdi: “Avvalombor mehnatkash bo‘linglar. Mehnatkash bo‘lsalaring hamisha bir burda nonlaringni topib yeysizlar. Tillaring hech kimdan qisiq bo‘lmaydi. Ikkinchidan halol bo‘linglar. Halol bo‘lsalaring, yuzlaring doimo yorug‘ bo‘ladi, birovdan ko‘zlaringni olib qochmay yashaysizlar”. So‘ng ko‘p o‘tirmay turib ketdilar.

Ketar oldi, barchamiz bilan birma bir qo‘l berib xayrlashdilar. Sharof aka, bo‘ylari baland, yuzlaridan nur yog‘ilib turadigan, avliyosifat inson edi. Mana oradan qirq yil o‘tdi. U kishi aytgan so‘zlar xotiramdan hech qachon ko‘tarilmadi, qo‘llarining tafti kaftimdan  ketmadi”.

***

Sharof Rashidovning ko‘nglini, qalbi qandayligini bilish hech qiyin emas. Buning uchun u zot qoldirgan badiiy asarlarni o‘qish kifoya. Rashidov asarlari qahramonlari hayotga intiluvchan, yashashni sevuvchi, yaxshilik va ezgulik tarqatishni oliy burch deb biladigan, ko‘ngli ochiq, dilkash, samimiy va saxiy odamlar. Ya'ni har bir bosh qahramonning ichki qiyofasida Sharof Rashidovning o‘zini ko‘rish mumkin. Asardagi qahramonlar hech kimga hech qachon yomonlik istamaydi. Faqat yaxshilik qiladi. Kishilarni halol mehnatga undaydi, muvaffaqiyatlarga erishishga, odamlar orasida hurmat  qozonishga, mehru-muhabbat bilan yashashga chorlaydi. Asarlarida saxovatli va mehridaryo ijodkorning yurak urishi eshitilib turadi. O‘qigan kishining qalbida yashashga, hayotga, Vatanga, millatga muhabbati ortadi. O‘zingizni yanada kuchli va qudratli inson his qilasiz. Odatda mard va dovyurak odam bilan so‘zlashsangiz, kuchingizga kuch qo‘shiladi, hayotga mardona nazar tashlaysiz. Rashidov biografiyasini o‘qir ekanman, hali Stalin tirikligi vaqtida, uning zolimona xukmronligi ostida Sharof aka chiqargan va butun O‘zbekiston hayotini o‘zgartirib yuborgan, tarixda ijobiy burilish yasagan bir xujjatga ko‘zim tushdi. Sharof Rashidov hayoti va tarixini birmuncha o‘rgangan keksa olim, filologiya fanlari doktori Anqaboy Quljonov O‘zbekiston Oliy Kengashi Hay'ati Raisi Sh. Rashidovning O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Kengashi kotibi N. A. Muhiddinovga yo‘llagan maktubini Oliy Kengash xujjatlari ichidan topib e'lon qilgan. Hujjat hajmi katta bo‘lganligi tufayli, ayrim qismlarinigina e'tiboringizga havola etaman:

“...O‘zbekistonda mavjud bo‘lgan ko‘pgina masjidlar, mozorlar, diniy obidalar xarob holatda va ular mayda ehtiyojlar uchun foydalanilmoqda. Masalan, Toshkent islom bilim yurtini ochishga mo‘ljallangan Baroqxon madrasasining chap qanoti ta'mirlanmoqda, bu yerda esa Toshpromtorgning kerosin do‘koni joylashgan. Tilla Shayx markaziy jom'ye masjidi saroy hududida joylashgan va diniy boshqarmaga qarashli bino 23-maktabning fizkultura zali bilan band. Masjid hovlisiga esa bu bino derazasi orqali chiqiladi.

Eski shahar maydonidagi Markaziy jom'ye masjidi yaqinida, bevosita madrasaga aloqador joyda qudratli reproduktor – karnay o‘rnatilgan, uning ovozi nomozxonlarning ibodat qilayotgan paytida qo‘yiladi va namoz o‘qiyotganlar ovozi bo‘g‘ib turiladi. 

Imom Qaffol Shoshiy masjidi mozori atrofini esa avtomashina maktabi talabalari yotoqxonasi egallagan. Bu masjid gumbazidagi yarim oy shaklidagi islom dini timsoliga Qizil bayroq o‘rnatilgan, Zayniddin Shayx Jom'ye masjidi yonidagi mozor esa me'morchilik boshqarmasi ixtiyoriga berilgan, qulf osib qo‘yilgan. Oqibat natijada musulmon ulamolari ushbu mozorni chet ellik mehmonlarga ko‘rsata olmadi, chunki qarovul kalitni o‘zi bilan olib ketgan, qorovulni har qancha izlashsa ham topishning iloji bo‘lmadi, chet ellik mehmonlar oldida, noqulaylik vujudga keldi.

Zangi ota masjidi va mozori Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan, unga ko‘rlar jamiyatining arqon tayyorlashga moslashgan korxonasi o‘rnatilgan.
Eslatilgan barcha masjid va mozorlar nafaqat me'morchilik yodgorliklarining bebaholigini tasavvur etishga imkon beradi, ayni chog‘da xorijiy Sharq mamlakatlari musulmonlariga “Muqaddas joy” sifatida juda mashhur. O‘zbekistonga safar qilayotgan chet elliklarda, ayniqsa, musulmon mamlakatlaridan tashrif qilayotgan vakillarda bu muqaddas joylar katta qiziqish uyg‘otmoqda, ular bunday joylarni borib ko‘rishga intilmoqdalar.

Masjid va qabristonlarni nobop asrash va foydalanishda keltirilgan bu xildagi faktlar Xudoga ishonuvchilar va nomozxon kishilarda norozilik tuyg‘usini yuzaga keltiradi, ayni vaqtda, xorijiy mehmonlarda noxush taassurotlar uyg‘otadi va bu hol xorijda salbiy sado beradi. Bularning barchasi amerika-ingliz imperialistlariga g‘arazli maqsadlarda bizning sovet tuzumimizga qarshi tuhmat qilishda foydalanish uchun qo‘l keladi.

Bu ishga O‘zbekiston KPMK rayosatining aralashuvini zarur deb hisoblayman.

Qaror loyihasini taqdim etaman.

Sh. Rashidov”.

Sh. Rashidov tayyorlagan qaror loyihasi qabul qilindi.

Yerdagi odamni xo‘rlash uning ko‘kdagi himoyachisini inkor etishdan boshlanadi. Sovet davlati, Xudo yo‘q, din – inson uchun zahar der edi va millionlab dindorlarni o‘ldirib yuborgandi. O‘zbekistonday musulmonlar yurtida birorta ham odamga nomoz o‘qishga, musulmonlik qilishga ruxsat berilmas, Qur'on o‘qigan odam yo qamalar yoki otib tashlanar edi. Ayniqsa, Stalin tahorat olgan odamni ham o‘n besh yil qattiq rejimdagi turmaga tashlar, bog‘chadan tortib dorilfunungacha hamma-hamma joyda ilohiy hayot yo‘q, inson o‘z taqdirini o‘zi o‘z qo‘li bilan yaratadi, insonning o‘zini ham insonning o‘zi yaratadi, inson maymundan kelib chiqqan, yagona rahbarlaring kommunistik partiya, sovet rahbarlariga so‘zsiz, e'tirozsiz itoat etishlaring shart deb o‘rgatar edi. Stalin ham, Xrushchev ham, Brejnev ham tirik Fir'avnlar edi. Mana shunday zulm benihoya avj olib, mustabidlarning qilichidan qon tomib turgan, qatag‘on kuchayib, erkinlik istagan oddiygina so‘zlari uchun Shayxzoda, Shukrullo, Said Ahmad, Shuhratlar yigirma, yigirma besh yillarga qamalgan paytda Oliy Kengash Raisi Sharof Rashidovning masjidlarni tiklash, madrasalarni obodonlashtirish, diniy jurnallarni chiqarish haqidagi qarori Moskvadagi ajdarholarning ko‘ziga xanjar suqishday gap edi. Har bir Fir'avn uchun bitta Muso bor deganlari ayni shu edi. Ma'naviy jasorat deganlari ham ayni shu edi. Dinni zahar emas, yagona malham deganlari ayni shu edi. Bir odamning butun boshli qo‘shinga, minglab saf tortib turgan soldatlarga, yuzlab tanklarga, minglab pulemyotlarga, minglab avtomatli, qurol aslahali qattollarga qarshi jangga otlandi va yengib chiqdi deganlari ayni shu edi. Xudo Sharof otaning bu jasorati uchun o‘zi mukofotlasin, Abu Lays as-Samarqandiy hazratlari “Masjidlarni ulug‘lash Allohni ulug‘lashdir” degan edilar, yerda Xudoning uyi-masjidlarni obod qilgan muhtaram zotga, Olloh taolo jannat bog‘chalaridan ko‘rkam joylar ato etsin.

***

Suhbatlarimizdan birida Toshkent shahar Bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov: “Sharof Rashidovning yuzi juda ham nurli, yuzidan mehr balqib turadi, huddi o‘ziga jalb etuvchi xush ohanrabosi bordek. Xudo bunday nurni faqat nomoz o‘qigan farishtali odamgagina beradi. Sharof ota kechalari hech kimga bildirmay tahajjud namozlarini o‘qigan bo‘lsalar kerak, agar bu so‘zimni Sharof otaning oila a'zolari tasdiqlasalar, men hech ikkilanmay bu tasdiqqa ishonaman”, degan edi.

***

Ushbu maqolani yoza turib o‘z o‘zimga yana bir bor savol berdim. Xo‘sh ushbu maqolani yozishdan maqsadim nima? Nega yozayapman? Avvalambor har bir inson kim haqidadir biror yaxshi gap eshitsa, shu yaxshi gapni yana birovlarga yetkazib qo‘yishi bu uning insoniy burchi ekanligini bilganim uchundir. Qolaversa, o‘sha yaxshi odamga tosh otilib turgan paytda bu juda muhimdir. Hozir toshlar otilishi tingan payt. Ammo Sharof Rashidov to‘laligicha egallashi lozim bo‘lgan yuksak ehtirom hali maqomiga yetgani yo‘q. Hali tarixiy haqiqatni to‘laligicha tiklaganimiz yo‘q. Bu ehtiromning endi Sharof Rashidovga balki keragi yo‘qdir. Ammo o‘z qadrimizga o‘zimiz yetadigan millat bo‘lishimiz, o‘zimizni millat sifatida to‘laqonli shakllantirishimiz uchun tarixiy haqiqatni tiklash bizning o‘zimizga kerak. Biz qullik psixologiyasidan o‘zimizni xalos etishimiz, “Bo‘ladigan el o‘z bolasini botirim” deydigan, “Yo‘g‘ini yashiradigan, borini oshiradigan”, “Beshovlon bitta bo‘lsa, bo‘lmaganni bo‘ldiradigan”, “Sulton suyagini xo‘rlamaydigan” maqomga erishishimiz kerak. Qaysi millat o‘zining buyuk millatdoshini oyoq osti qiladi. Albatta, biri ikki bo‘lmaydigan, o‘zini o‘zi yeb bitiradigan, o‘zini o‘zi xo‘rlab, o‘z oyog‘idan o‘zini pastga tortadigan millat shunday qiladi. Yer yuzida begunoh odam yo‘q. Jorj Vashingtonni aybi yo‘qmi? Uning ayblarini bir-bir sanasangiz bir kitob bo‘ladi. Buni amerikaliklar ham biladi. Ammo amerikaliklar bu haqda lom-mim demaydi. Agar aytganlarida Amerika bugungi taraqqiyotiga erishmagan bo‘lar edi. Ular Jorj Vashingtonni buyuk deb ulug‘lashdi va Amerika bugungi buyuk taraqqiyotini boshidan kechirmoqda. Jorj Vashingtonni misol tariqasida aytayapman. Kennedini, Franklinni, yoyinki Napoleonni, Sharl de Gollni, Margarit Tetcherni, Cherchillni ham misol qilib keltirish mumkin. Amerika o‘tgan Prezidentlaridan hali birortasini shu paytgacha yomonlab chiqqani yo‘q. Sababi, Prezidentlarini yomonlashsa, ular o‘zlarini yomonlashgan bo‘ladi. Prezidentlarini yomonlashsa, millatning ichiga rahna tushadi. Millatning buyukligiga shubha oralaydi. Millatning ichida bir-biriga ishonchsizlik paydo bo‘ladi. Birlik, ahillik yo‘qoladi. Qullar hech qachon bir biriga ishonmaganidek, porakandalik boshlanadi, dushman millatni parchalaydi, bo‘lingan millatni esa bosib olib egalik qilish esa osonlashadi.

Rashidov vafotidan so‘ng ham shu voqea sodir bo‘ldi. Rashidovni ayblashdi. Bunga rozilar topildi. Ayblangandan so‘ng, yuz minglab odam so‘roqqa tutildi, o‘n minglab odam qamaldi, tonna-tonna O‘zbekiston oltinlari tashib ketildi. Yuqori lavozimlarni o‘zga yurt vakillari egalladi. O‘zbek xalqi ularning xizmatkoriga aylandi. Agar biz bugun Sharof Rashidovni faqat qog‘ozdagina emas, qalbimizda ham oqlamasak bu holat, boshimizga tushgan va tushadigan ana shunday ko‘rguliklarga hali hamon rozi ekanligimizni anglataveradi. Bunday holdan bizni Xudo asrasin. Dunyo hamjamiyatining oldida O‘zbekiston kichkina davlat, kichkina millat. Shu kichkina millat birlashsa qudratli kuchga, qudratli davlatga aylanishi mumkin. Buning uchun buyuklarimizni buyuk deyishga, bir-birimizni esa buyuk bo‘lishga da'vat etishni, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni, bir-birimizga oqibatli bo‘lishni, bir-birimizning qadrimizga yetishni o‘rganishimiz kerak. Men o‘zim esa albatta shunday bo‘lishiga ishonaman. Sharof bobomizning muqaddas ruhlari esa boshimiz uzra abadul abad mag‘rur va mamnun parvoz etib yurajak !

Muhammad Ismoil

Mavzuga oid