Jahon | 19:25 / 09.06.2017
13085
2 daqiqa o‘qiladi

Kataloniya mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkaziladigan sana ma'lum qilindi

Foto: Emilio Morenatti / AP

Kataloniya jyeneraliteti prezidenti Karles Puchdemon Ispaniya tarkibidagi muxtor hamjamiyatning mustaqilligi bo‘yicha referendum joriy yilning 1 oktabrida o‘tishini e'lon qildi. U viloyat aholisini agar ular Kataloniyani mustaqil ko‘rmoqchi bo‘lsalar, ovoz berishda ishtirok etishga chaqirdi. Bu haqda El Mundo nashri xabar bermoqda. 

Puchdemon Ispaniya hukumati referendum o‘tkazilishiga ruxsat berishdan bosh tortganiga qaramasdan, ovoz berish bo‘lib o‘tishini e'lon qildi. Bu esa referendum Ispaniya konstitutsiyaviy sudi tomondan bekor qilinishi mumkinligini anglatadi.

Referendum ishtirokchilari "Siz Kataloniya respublika boshqaruv shakliga ega mustaqil davlat bo‘lishini istaysizmi?" degan savolga javob berishlari kerak bo‘ladi.

Puchdemon bu haqda Kataloniya hukumati ma'muriyatida ma'lum qildi. Puchdemongacha bu yerda hamjamiyat vitse-prezidenti Uriol Junkeras nutq so‘zlab, Ispaniya hukumatini "kataloniyaliklarning ovoz berish huquqini inkor etayotgani" uchun tanqid qilgandi.

Puchdemon Ispaniya hukumati bilan muzokaralar uchun "oxirgi daqiqagacha eshikni ochiq qoldirishini, biroq bir tomonlama tartibda muzokaralar o‘tkazmasligini" aytgan. 

Shunga o‘xshash vaziyat Kataloniyada 2015 yil kuzida ham kuzatilgan. Noyabr boshida Kataloniya parlamenti "mustaqil davlat yaratilishi jarayoni boshlanishi"ni e'lon qiluvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Ikki kun o‘tib Ispaniya hukumati konstitutsiyaviy sudga bu rezolyutsiya ustidan shikoyat qilgan. Dekabr boshida esa sud rezolyutsiyani noqonuniy deb topib, uni bekor qilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid