O‘zbekiston | 19:50 / 09.06.2017
23174
8 daqiqa o‘qiladi

Prezident Qaroriga munosabat:  Qo‘lyozmalarni kimlar o‘rganadi?

Mamlakatimizdagi diniy bilim yurtlari – madrasalar qadim tarixga ega bo‘lib, ularning dovrug‘i butun musulmon olamiga tarqalgan. Lekin sho‘ro hukumatining siyosati sababli barcha masjid va madrasalar yopib yuborilishi natijasida 1928 yilga kelib O‘zbekistonda diniy ta'lim tizimi batamom to‘xtatilgan edi. 1943 yilning oktabrida Toshkent shahrida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlarining diniy boshqarmasi tashkil etildi. Mazkur Diniy boshqarma faoliyati O‘rta Osiyodagi beshta sobiq sho‘ro respublikasi – Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonni qamrab olgan bo‘lib, diniy ta'lim bilan bog‘liq asosiy jarayonlar aynan O‘zbekistonda kechdi.

Buxorodagi “Mir Arab” (1945 yildan boshlab bugungi kungacha) hamda Toshkentdagi "Baroqxon" (1945-1961) madrasalari va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (Toshkent oliy ma'hadi. 1971 yildan boshlab bugungi kungacha) sobiq ittifoqning musulmon tashkilotlari uchun mutaxassis tayyorlab beruvchi rasmiy diniy o‘quv yurtlari ochildi.

Toshkent oliy ma'hadining tantanali ochilish marosimi 1971 yilning 1 noyabr kuni o‘tkazildi va o‘sha davrda muftiy bo‘lgan Ziyovuddin Eshon Boboxon diniy va zamonaviy ilmlarni puxta egallagan, muqaddas dinimiz uchun zarur bo‘lgan bilimdon xodimlar tayyorlashni asosiy vazifa qilib belgilagan edi. Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy hazratlarining 1225 yillik tavalludi tantanalari nishonlanishi munosabati bilan Toshkent oliy madrasasi 1974 yildan buyon Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom oliy ma'hadi deb yuritila boshlandi.

Sobiq Ittifoq davrida bunday oliy ma'lumotli diniy kadrlar tayyorlashga mo‘ljallangan institut yagona bo‘lib, shu sababli ham sobiq ittifoqning turli hududlaridan – Kavkazorti, Shimoliy Kavkaz, Ozarbayjon, Sibir va boshqa yerlaridan talabalar kelib tahsil olishgan.

Islom oliy ma'hadida ta'lim muddati to‘rt yil bo‘lib, o‘rta maxsus diniy madrasadan farqli ravishda bu yerda mutaxassislik fanlari chuqur o‘qitilar edi. Qur'oni karim qiroati va tafsiri, fiqh, hadis ilmi, balog‘at ilmi, xatoba darsi, arab tili va shu kabi mutaxassislik fanlariga alohida e'tibor qaratilgan.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining shu kunga qadar tamomlagan bitiruvchilar davlat tizimi va soha doirasida vazifalarda ishlab kelishmoqda. Institut tarixida quyidagi diniy ulamolar va davlat arboblari tahsil olib chiqishgan: 1989-1990 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlagan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf (1973-1975), hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov (1983-1987), Checheniston Respublikasining sobiq Prezidenti Ahmad hoji Qodirov (1982-1986), Rossiya musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi, bosh muftiy Talgat Safa Tojiddin (1973-1977), Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, BMTning Xalqaro diniy maslahatchi raisi, MDH Dinlararo kengash hamraisi Ollohshukur Poshshozoda (1971-1975), Sankt-Peterburg islom institutining rektori, Xalqaro fanlar akademiyasining akademigi, Rossiya musulmonlari Markaziy diniy boshqarmasi prezidiumi a'zosi, Rossiya Bosh muftiysining bosh maslahatchisi, Sankt-Peterburg gubernatorligi qoshidagi jamoatchilik kengashi a'zosi, Rossiya shimoli-g‘arbiy okrugining giyohvandlikka qarshi kurash komissiyasi a'zosi, “Sankt-Peterburgda islom, islom madaniyati va musulmon an'analarining tiklanishi” hududiy jamoat fondining prezidenti Jafar Ponchayev (1971-1975), 2000-2009 yillarda Olmaotadagi Islom universitetiga rektor lavozimida ishlagan Abdulla Joldasov (1971-1975), Shimoliy Kavkaz musulmonlarining muvofiqlashtiruvchi markazi raisi Ismoil Berdiyev (1988-1992), Rossiyaning Yevropa qismi va Sibir musulmonlari diniy idorasi raisining o‘rinbosari Umar Idrisov (1983-1987), Imom Abu Hanifa nomidagi Shimoliy Kavkaz islom universiteti rektori Sharabuttin Chochayev (1983-1987) va boshqalar.

Hozirda ham garchi mutaxassislik fanlariga ajratilgan dars soatlari juda kam bo‘lsada, institut talabalari o‘qituvchilar rahbariligida qo‘shimcha darsdan oldin va keyin to‘garaklar tashkil etib, buyuk mutafakkir ajdodlarimizning ilmiy meroslaridan Imom Termiziy va Imom Buxoriyning hadis to‘plamlari, Abu Mu'in Nasafiyning aqida ilmiga oid “Aqoid an-Nasafiy”, Abu Barokot Nasafiyning Qur'on tafsiri ilmiga oid “Madorik at-tanzil va haqoiq at-ta'vil (Tafsir an-Nasafiy)”, Nizomiddin Shoshiyning fiqh ilmiga oid “Usul ash-Shoshiy” kabi nodir manbalarining asl matnlarini yodlab, ularga qilingan sharhlarni o‘rganishmoqda. Bundan tashqari, mutaxassislik fanlariga doir mo‘'tabar kitoblar darslar davomida o‘qitilib kelinmoqda.

Ana shunday soha mutaxassislarini chiqarayotgan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti bitiruvchilarining yangi tashkil etilayotgan ilmiy-tadqiqot markazlarida “diniy sohadan chiqqan kadr” kabi asossiz to‘siqlarsiz faoliyat yuritishi, ilmiy izlanishlar olib borishi institut talabalarining ulkan orzusidir.

Buyuk allomalarimiz, aziz-avliyolarimizning ilmiy, diniy va ma'naviy merosini saqlash, ta'mirlash, mavjud fondlarni boyitib borish, tarixiy manbalar bilan ishlash uchun mahalliy va xorijiy tadqiqotchilarga qulay sharoitlar yaratish, tarixiy-madaniy merosimiz namunalarini har tomonlama chuqur o‘rganish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 24 may kuni chiqarilgan “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori o‘tgan buyuk ajdodlari va ularning bizlarga bebaho ilmiy meroslariga bo‘lgan yuksak ehtiromlari nishonasi o‘laroq bizlarni yanada binihoya xursand qildi.

Ushbu qarorning ikkinchi bandidagi oltinchi va yettinchi xatboshidagi “Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti kabi mazkur sohada faoliyat ko‘rsatadigan oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda qo‘lyozmalar bilan ishlash malakasiga ega bo‘lgan yosh mutaxassislarni reja asosida maqsadli tayyorlash va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb qilish;

Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti singari oliy ta'lim muassasalarining ixtisoslik kafedralari bitiruvchilari hisobidan Institutning kadrlar tarkibini yangilab borish, qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish;” jumlalarida zikr qilingan oliy ta'lim muassasalarining bitiruvchilari to‘laqonli diniy ma'lumotlarga ega bo‘lmaydilar. Ular mukammal arab tilini, diniy ilmni bilmaganligi sababli ozgina qismini tor doirada tarjimasi orqali tadqiq etilishi hammani afsuslantiradi. Shu kunga qadar ulkan qo‘lyozmalar fondining to‘laqonli tadqiq etilmaganligi ham fikrimiz isbotidir.

Shu kunga qadar oliy diniy ta'limni tugatgan bitiruvchilar diniy sohadan chiqqanligi sababidan mavjud masjid va madrasalardan boshqa soha va tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatishiga turli bahonalar bilan to‘sqinliklar bo‘lar edi. Boshqa oliy ta'lim muassasalaridan farqli o‘laroq, islom dinidagi muqaddas manbalar Qur'oni karimni va Imom Termiziy va Imom Buxoriyning hadis to‘plamlari hamda sohaga doir mo‘'tabar manbalarning yodlab, ularning sharhlarini daqiq joylarigacha o‘rganayotgan mutaxassislar mazkur ilmiy-tadqiqot markazlarida faoliyat yuritishi maqsadga muvofiqdir. Zero, ajdodlarimiz yozib qoldirgan chuqur ilmiy meroslarining asl va tub ma'nolariga yetishni islom dini va uning fanlarini yaxshi egallagan kadrlargina uddalash mumkinligi tarixiy tajribalardan kuzatib kelinmoqda.

Abdulloh Ibrohimov

Mavzuga oid