Jamiyat | 01:18 / 10.06.2017
93349
6 daqiqa o‘qiladi

Suvga «g‘arq» bo‘layotgan «Varq» turar-joy massivi

Hurmatli tahririyat xodimlari. Bugungi kunda prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar o‘ta dolzarbligi va hayotiyligi bilan xalqni quvontirmoqda.

Ayniqsa, aholiga arzon va sifatli uylar qurib berish to‘g‘risidagi qarorlari ko‘pchilikni kayfiyatini ko‘tarib yubordi. Mamlakatimizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar bilan har kuni Kun.uz saytida tanishib boramiz. Bundan tashqari, tahririyatning jonkuyar rahbar va xodimlarining tashabbuslari bilan bir qator muammolar ham o‘z yechimini topayotganligini guvohi bo‘lmoqdamiz.

Sizga ma'lumki, birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq joylarida ko‘plab namunaviy loyihalar asosida uylar qurilib foydalanishga topshirildi. Xususan Navoiy viloyatida ham bir qancha massivlarda yangi uylar barpo etildi. Ushbu namunaviy loyihalar asosida qurilgan uylarda barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, shahar uylaridan hech ham qolishmasligi to‘g‘risida televizorda ko‘rsatishadi.

Boshqa viloyatlarda qurilgan uylar bilan bizning massivdagi uylarni solishtirib ko‘rganimizda yer bilan osmoncha farq bor. Boshqa viloyatlarda qurilgan uylarni borib ko‘rganimizda to‘g‘risi juda havasimiz kelgan edi. Biz ham Navoiy viloyati Karmana tumani «Varq» massivida 2012–2013 yillarda (180 ta uy) qurib, foydalanishga topshirilgan uylardan yaxshi niyat bilan olgan edik.

Lekin ming afsuski, biz yashayotgan uylar qurilganiga endigina 3–4 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, 50–60 yil ilgari qurilgan uylar ko‘rinishiga kelib qolgan. Har yili uylarimizni tashqi va ichki ko‘rinishini ta'mirlasak-da, sizot suvlarining yaqinligi bois devorlar nurab bormoqda. Ko‘pchilik uylarning poydevori cho‘kib, devorlari yorilib ketgan.

Birinchi muammo: Uylarimizning kun botish tomonidan katta (ko‘tarma) ariq o‘tkazilgan bo‘lib (hozirgi kunda foydalanilmaydi) ushbu ariq shu yerda yashovchi aholi uchun juda katta zarar keltirmoqda. Ushbu ko‘tarma ariqni fermerlar yerlarini sug‘orish uchun tayyorlashgan, lekin bugungi kunda undan foydalanishmaydi, chunki fermerlar uchun boshqa beton ariq o‘tkazilgan. Ko‘tarma ariqning balandligi uylarimizning tomi bilan deyarli teng. Ariqdagi suv damlanib qolishi evaziga uylarimizni zax bosib ketayapti, qazilgan kanalizatsiya quduqlari va hojatxona handaqlari suvdan to‘lib qolmoqda. Ushbu ariq atrofi va ariq ichini qamish va turli yovvoyi o‘tlar bosib ketganligi sababli juda xunuk manzara aks ettirib turibdi. Uylarni qurish paytida ekinlarni sug‘orish uchun oqava suv keladigan kichik beton ariqchalar qurilmagan, natija ekinlarni sug‘orish ham muammo bo‘lib kelmoqda.

Agar ushbu ko‘tarma ariq olib tashlanib, o‘rniga kichkina lotok ariq qilinsa, ko‘tarma ariq o‘rniga ham mevali va manzarali daraxtlarni o‘tkazib mahallamiz obodligini ta'minlashda o‘z hissamizni qo‘shardik.

Ikkinchi muammo: Uylarimiz Karmananing eng chuqur joyiga qurilganligi sababli yer osti suvlari judayam yaqin. To‘rtala tomonimizdan zovurlar o‘tkazilganligiga qaramay, zovur suvlari biridan-ikkinchisiga o‘tadi va bizni uylarimizni aylanib oqadi. Mana 4 yildirki, mutasaddilar zovur suvlarini qochirish yo‘lini topishgani yo‘q. Ekilgan mevali va manzarali daraxtlarimizning tomirlari suvga yetganligi sababli aksariyat daraxtlarimiz qurib qolmoqda. (Yerni 30–40 sm. qazilsa zax suv chiqadi). Zovurlar ichi va atrofi qamishzorlarga aylanib qolganligi bois yoz kunlari dunyoning barcha pashshasi shu yerga yig‘ilganday bo‘ladi, kechasi umuman yotib bo‘lmaydi. Pashshadan himoyalanishning barcha choralarini ko‘rsak ham uddasidan chiqolmayapmiz. Ertalab bolalarimizning yuz-ko‘zlariga qarab bo‘lmaydi. Axir pashshalar kasallik tashuvchilar ku, buni ham mutasaddilarimiz o‘ylab ko‘rishgani yo‘q.

Uchinchi muammo: Maktab qurilishi uchun ajratilgan joyga texnikalar kelib bir hovuch tuproq olishi bilan yer osti suvi chiqib ketdi va quruvchilar bu yerni tashlab boshqa joydan maktab qurilishini boshladi, lekin birinchi qurilish boshlangan joy tashlandiq joyday qolib ketdi va uylarimizni o‘rtasida kishini ta'bini xira qiladigan manzaraga aylanib qoldi. Ushbu joyda kichik futbol maydoni va bolalar o‘ynaydigan maydoncha tashkil etilsa, mahallada yashovchi barcha uy egalari ham qarab turmaydi. Baholi qudrat o‘z hissalarini qo‘shishga tayyor.

Hurmatli ijodkorlar, mazkur masalalar bo‘yicha bir necha marotaba tegishli tashkilotlarga murojaat qildik, lekin natijasi bo‘lmayapti!

Nahotki Birinchi prezidentimiz tashabbusi bilan qurilgan uylarga bugungi kunda hech kim e'tibor bermasa, bizning murojaatlarimizga shunchaki oddiy muammoday qaralsa? Shu ketishda davom etadigan bo‘lsa uylarimiz cho‘kib, 15 yillik kredit to‘lovlarini ham to‘lab bo‘lishimizni kutmay qulab qolish xavfi bor.

Biz dardimizni kimga aytishni ham bilmay qoldik, oxir-oqibat «Kun.uz» tahririyatiga murojaat qilsak, muammoni yechimini topishga yordam berar degan niyatda Sizlarga ushbu arizani yo‘llamoqdamiz. Yuqoridagilardan kelib chiqib, bizning muammomizni ijobiy hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatishingizni iltimos qilamiz. Sizlarga hurmat bilan,

Navoiy viloyati Karmana tumani «Varq» massivida yashovchi uy egalari

Mavzuga oid