Tunggi Namangan: koshki edi bu manzara bo‘lmasa...
Dunyoning eng qudratli davlatlari atrof-muhitni, bu orqali iqlimni yaxshilash maqsadida o‘z byudjyetlari hisobida zarur-chora tadbirlar olib bormoqda. Bu borada ko‘p qiymatli loyihalar, dasturlar ishlab chiqilmoqda va hayotga tatbiq etilmoqda. Odamlarning tabiatga bo‘lgan munosabati tubdan o‘zgartirilmoqda, bu borada ichki madaniyat shakllantirilmoqda. Aytib o‘tish joizki, bu kabi jahon miqyosidagi islohotlarga O‘zbekiston ham qo‘shilib, o‘z doirasida harakatlanmoqda. Tabiatni asrash, obodonchilik orqali bu ishlarni yo‘lga qo‘yish davom etayotgan bir vaqtda go‘yoki osmondan tushgandek yoki ular boshqa sayyora, boshqa mamlakat odamlaridek ayrimlar hamon illatli ishlarini davom ettirishmoqda. “Dunyo va davr” gazetasi bosh muharriri Rahimjon Irisov va Namnews.uz axborot-tahliliy portali rahbari Anvar Ikramov muallifligi ostida tayyorlangan tahliliy maqolada ana shu illat haqida so‘z yuritilgan.
“Yaqindagina Namangan shahrida 57-an'anaviy gul bayrami ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. O‘ndan ortiq mamlakatlardan mehmonlar tashrif buyurishdi. Namanganning o‘ziga xos tabiati, gulsevar xalqi ardoqlandi. Aynan gul bayramining o‘ziga xosligi sabab Namangan shahrini ekoturistik zonaga aylantirish taklifi o‘rtaga tashlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 2 dekabr kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonining ustuvor yo‘nalishlaridan birida - turizmning yangi salohiyatli turlari ziyorat qilish, ekologik, ma'rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sog‘lomlashtirish, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik, bolalar, yoshlar va oilaviy turizmni jadal rivojlantirish, alohida band sifatida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, bu borada aynan Namangan shahrida ko‘p ishlarni amalga oshirsa bo‘ladi.
Lekin shunday pallada uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan achinarli holat ko‘zga ko‘rinib qoladi. Shaharning tuni ayanchli ahvolda. Kun botishi bilan shaharning asosiy markaziy ko‘chalari hisoblangan – Navoiy, Boburshoh, Mashrab ko‘chalari bo‘ylariga tonnalab axlat chiqarib tashlanadi. Misol uchun Boburshoh va Navoiy ko‘chalarida bu holatni har 50-100 metrda uchratish mumkin bo‘lib qoldi. Tunda axlatxonaga aylanib, ertalabgacha “komxozchi”lar tomonidan tozalab chiqiladigan shaharda qanday qilib turizmni rivojlantirish mumkin?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 3 dekabrdagi “Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 315-sonli qaroriga asosan Namangan shahrida muayyan ishlar amalga oshirildi. Mahallalardan chiqindi tashish bilan shug‘ullanuvchi “Namangan musaffo iqlim” MChJ tashkil etildi. U kredit asosida yangi texnikalar oldi. Ushbu tashkilot va Namangan shahar obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli kommunal xizmat mashinalari shahardan chiqindilarni chiqarish uchun astoydil “ter to‘kib” mehnat qilmoqda.
Qarorda “shaharlar va aholi punktlarining tashqi qiyofasiga bo‘lgan zamonaviy shaharsozlik talablarini hisobga olgan holda, qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish va ularni sanitariya qoidalari va normalariga qat'iy muvofiq holda joylashtirish ishlarining tashkil etilishini ta'minlash” belgilanib, bu vazifa ijrosini ta'minlash va nazorat qilish “aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalashni tashkil etish kompleks tadbirlarini bajarish bo‘yicha shaharlar va tumanlar hokimliklari darajasidagi ishchi guruh”lar zimmasiga yuklangan. Guruh raisligi esa shahar va tuman hokimlariga ishonib topshirilgan.
Qaror ijrosi qisman ta'minlanmoqda. Lekin yuqorida ta'kidlaganimiz Navoiy, Boburshoh, Uychi ko‘chalari, Andijon ko‘chasi boshidagi achinarli holat hatto tong otib ish boshlangunga qadar davom etmoqda.
Shahar hokimligining ishchi guruhi mutasaddilari, ushbu hududlardagi mahalla fuqarolari yig‘inlari raislari qayerga qarashmoqda? Nahot bunday hol shahar husniga dog‘ bo‘lib qolayotgani ularni o‘ylantirmayotgan bo‘lsa? Xalq tili bilan aytganda, “ses” qayerga qaramoqda? Ekologik vaziyatni buzuvchi, atrof-muhitga epidemiya tarqatish o‘chog‘i bo‘lgan bunday axlatxonlarni tunda bo‘lsa ham mavjud bo‘lishi tibbiy qonun-qoidalarga to‘g‘ri keladimi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Uning asosida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (“Uyjoykomxizmat” vazirligi) tashkil qilindi va uning tarkibida viloyatlar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari tuzildi. Bir haftadan so‘ng bu farmon kuchga kirganiga ham ikki oy to‘ladi.
Yangi tuzilmaning asosiy vazifasi va faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida:
- xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, ulardan foydalanish va ekspluatatsiya xarajatlarini aniqlash bo‘yicha talablarga, ko‘p xonadonli uylarni texnik ekspluatatsiya qilish qoidalari va normalariga, ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarning sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga muvofiq holda saqlanishiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish deb belgilab qo‘yilgan. Biz ta'kidlagan axlatxonlarning aksariyati ko‘p qavatli uylar ro‘parasida mavjud. Buni bartaraf etish mazkur tashkilot tomonidan nihoyasiga yetkazilishi kerak.
Namangan shahrining achinarli tungi qiyofasidan qachon qutulamiz. Markaziy ko‘chalardagi tungi axlatxonalar qachongacha dilni xira qiladi? Hokimlik rahbariyati bu borada tashkiliy ishni eplay oladimi? Ey, baraka topkur MFY faollari, ishlasangiz bo‘lmaydimi? Fuqarolarchi, oddiy fuqarolar Sizda zarracha bo‘lsada, fidoyilik bormi o‘zi? Amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik qachon paydo bo‘ladi Sizda? Yelim xaltadagi axlatni duch kelgan joyga irg‘itib ketaverasizmi? Xonadoningiz axlatini maxsus qoplarga solib, avtomashina kelganda olib chiqib bersangiz bo‘lmaydimi? Axir shahar hammamizniki-ku!”.
“Namnews.uz va «Dunyo va davr» ushbu masala yechimini o‘z nazoratiga oladi va bu mavzuga yana qaytadi. Hokimlik va uning tuzilmalaridan ushbu material yuzasidan javob kutadi”, deyilgan maqola yakunida.
Mavzuga oid
16:34 / 18.11.2024
“Manzil”: Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdagi ko‘l – Arashan buloqqa sayohat
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
17:35 / 11.11.2024