Jahon | 21:06 / 13.06.2017
13838
2 daqiqa o‘qiladi

Eron generali: IShID AQSh va Saudiya Arabistoni rahbarligi ostida jang qilmoqda

foto: Yekaterina Sajneva

IShID o‘zining hujumlarini AQSh va Saudiya Arabistoni rahbarligi ostida va qo‘llab-quvvatlovi bilan amalga oshirmoqda, deb aytdi Eron qurolli kuchlari vakili, brigada generali Mas'ud Jazavriy.

"IShID terrorchilari AQSh va Saudiya Arabistoni bilan bog‘langan va terrorchilik hujumlarini bu ikki davlat rahbarligi ostida va ko‘magida amalga oshiradi", deb aytgan  Jazavriy.

"Saudiya Arabistoni va AQSh hamda mintaqadagi ba'zi jaholatparast davlatlar qo‘llab-quvvatlayotgan terrorchilikning barbod qiluvchi effektini Iroqda, Suriyada, Afg‘oniston va Yamanda hamda Yevropaning ba'zi davlatlarida ko‘rish mumkin", deb qo‘shimcha qildi general. 

Uning fikricha, mintaqa davlatlarida teraktlarni amalga oshirishni rejalashtirish va boshqarish Saudiya Arabistoni va AQShdan amalga oshiriladi.

Avvalroq Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Saudiya Arabistonini Eronning sharqiy qismida o‘rnashib olgan terrorchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagandi. 

Ar-Riyod va Tehron o‘rtasidagi munosabatlar 2016 yil yanvarida o‘zaro diplomatik aloqalar uzilgandan keyin keskinlashgan.  

O‘tgan haftada AQSh senati Eronga qarshi sanksiyalarni muhokama qilishni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlagandi. Eronga qarshi sanksiyalar bo‘yicha qonun loyihasi oraliq ovoz berishdan o‘tgan, unga senatda 92 ta ovoz, qarshi 7 ta ovoz berilgan. Qonun loyihasi kuchga kirishi uchun unga kongressning ikkala palatasi ovoz berishi va prezident imzolashi kerak.

AQSh Eronga qarshi uning raketa dasturi, inson huquqlari buzilishi va Tehron terrorchilikka homiylik qilishiga gumon bilan sanksiyalarni saqlab qolgan. 

Mavzuga oid