O‘zbekiston | 15:41 / 13.06.2017
5406
2 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri BMT Bosh kotibining maxsus elchisi bilan uchrashdi

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi OIV/OITS masalalari bo‘yicha maxsus elchisi Mishel Kazachkin bilan uchrashdi. Bu haqda Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi. 

Muloqot chog‘ida A.Shodmonov O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholi salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli va ushbu masalaga davlat darajasida qaratilayotgan e'tibor xususida ma'lumot berib, reproduktiv salomatlik, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar, shuningdek, sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta'minlash masalalariga samarali va xalqchil yechim topilayotganini aytib o‘tdi. 

BMT Bosh kotibining maxsus elchisi M.Kazachkin O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasida qisqa vaqt ichida erishilgan natijalarni yuqori baholab, bunda sohada qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar va albatta, davlat ham mazkur vazifalarga nisbatan kuchli siyosiy majburiyat ko‘rsatayotganini e'tirof etdi. Shuningdek, u O‘zbekiston Prezidentining sohani rivojlantirishga qaratilgan Farmon va qarorlarining amaliy ahamiyatini yuqori baholab, unda xalq manfaati, inson salomatligini saqlash ustuvor maqsad sifatida qo‘yilganini alohida qayd etdi.   

Uchrashuv davomida ikki tomon ham o‘zaro manfaatlarni himoya qiluvchi ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga har doim tayyor ekanligini bildirib o‘tdi. 

Mavzuga oid