Qozog‘iston ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax shahrida bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga rasmiy tashrifidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. 12-13 iyun kunlari Qozog‘iston Respublikasi Jambil viloyati hokimiyati, boshqaruv idoralari va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya Jizzax shahrida bo‘ldi. Jambil viloyati hokimi Karim Kokrekbayev boshchiligidagi delegatsiya tarkibida viloyat hokimi o‘rinbosari Yerkanat Manjuov, T.Ryskulov rayoni hokimi Jarylkasyn Aytakov, Jualyn shahri hokimi Baxtiyar Kopbosynov, shuningdek, viloyat boshqarma va tashkilotlari rahbarlari, “NK “SPK “Taraz” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasidagi yirik ishlab chiqarish birlashmalari va tadbirkorlar viloyatning iqtisodiy salohiyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Jizzax shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Jizzax viloyati xokimligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ko‘hna va navqiron Jizzax zaminida karnay-surnay sadolari ostida Jizzax viloyat hokimi Ulug‘bek Uzakov boshchiligida kutib olingan mehmonlar dastlab viloyat markazidagi Olimpiya zaxiralari sport kollejida bo‘lishdi.
Tadbirkorlikka ko‘maklashish markaziga tashrif
Markazda bo‘lishgan delegatsiya a'zolari tadbirkorlarga barcha turdagi xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganligini e'tirof etishdi. Ularga tadbirkorlar uchun barcha soha mutaxassislari bevosita ularning talab va takliflarini o‘rganib, muammolariga yechim topishi mumkinligi tushuntirildi.
Delegatsiya a'zosi Maqsud Nesenboyev go‘sht yetishtirshga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib, fermer xo‘jaligida yetishtiriladigan har bir qoramolning tirik vazni 600-700 kg. kelishini, 3000 bosh qoramol parvarishlanayotgini aytdi.
Yorqin taassurot
Jizzax politexnika instituti jambullik delegatsiya a'zolari uchun navbatdagi tashrif manzili bo‘ldi. Milliy libosdagi qizlar non va shirinliklar bilan kutib olingan institutda mehmonlar oliy ta'lim dargohining ilmiy va ishlab chiqarish salohiyati aks etgan ko‘rgazma bilan tanishishdi. Institutning zamonaviy o‘quv-labaratoriya xonalari, talabalar tomonidan tashkil etilgan konstruktorlik buyumlari ko‘rgazmasini qiziqish bilan ko‘zdan kechirishdi. Ayniqsa, viloyatda yagona hisoblangan “Akkreditatsiyalangan ilmiy-tekshirish laboratoriyasi” deb nomlangan texnologik ko‘rgazma mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Institut o‘qituvchisi Xolmeli Qoraqulov mehmonlarga texnologik ko‘rgazmadan o‘rin olgan ixtirochilik ishlanmalaridan kutilayotgan natijalar to‘g‘risida batafsil ma'lumot berdi.
Millatdoshlar uchrashuvi
Shundan so‘ng mehmonlar Jizzax shahridagi Xotira bog‘ida bo‘lishib, Motamsaro ona haykali poyiga anvoyi gullar qo‘ydilar.
- Xalqlarimiz o‘rtasidagi xotira va e'zozlash, o‘tganlarni yod etish, o‘tmish saboqlaridan xulosa chiqarish odati mushtarakdir, - deydi delegatsiya a'zosi Qasimxon Xanayev. – Taraz shahrida ham jung‘orlarga qarshi kurashgan xalq qahramoni Sanyryq botir, “Mangu olov” memoriali, Qozog‘istonda siyosiy qatag‘on va ochlik qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik kabi bir qancha xotira xiyobonlari mavjud. Motamsaro ona haykali millionlab xalqlar boshiga tushgan Ikkinchi jahon urushining ayanchli aziyatlarini o‘zida to‘la mujassam etgan yodgorlikdir.
Bog‘da delegatsiya a'zolari Jizzax viloyatida yashayotgan qozoq diasporasi vakillari bilan ham uchrashdilar. Millatdoshlar o‘zaro samimiy suhbatda ozod va tinch hayot ato etayotgan farovon hayot haqida fikr almashdilar.
Baxshi-oqin Qumnexin Duysenov va Qibray tumanidagi 2-sonli musiqa va san'at maktabining o‘quvchilari ijrosida do‘mbirada milliy kuylar, aytimlar ijro etilganida barchaning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Tashrif Do‘stlik uyida ham davom etib, mehmonlar viloyatimizda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlar faoliyatiga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar, qozoqcha patir, bovursoq va qimron bilan siylandilar.
Shundan so‘ng mehmonlar o‘tirgan kortej viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga yo‘l oldi. Bu yerda bolalar salomatligini saqlash va tiklashda yaratilgan shart-sharoitlar, sohadagi so‘nggi yutuqlar, texnologiyalarning amaliyotga tadbiq etilishini bilan yaqindan tanishildi. Markazning lor, reanimatsiya va neonotologiya bo‘limlari faoliyati bilan yaqindan tanishgan mehmonlar tibbiyot sohasida ham bilim va tajriba almashish maqsadga muvofiq bo‘lishini alohida ta'kidlashdi.
“Jizzaxplasteks” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasida ham bo‘lishib, ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ko‘ra yetakchi bo‘lgan korxonadagi ish jarayoni, ishchilarga yaratilgan sharoitlarni ko‘rdilar.
Atigi ikki sotixda...
Nufuzli mehmonlarni, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 noyabrdagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar juda qiziqtirdi. Ular dastavval Sharof Rashidov tumani “Yangiobod” MFYda qurib foydalanishga topshirilgan namunali tipdagi ikki qavatli arzon uy-joylar hamda ikki sotixli uy-joylar massivi bilan tanishdilar.
Delegatsiya a'zolari, shuningdek, “Yangiobod” MFY 146-son militsiya tayanch punktida bo‘lishib, profilaktika inspektorining ish jarayoni uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rdilar. Tabiiyki, mahalla inspektorining samarali faoliyat olib borishi uchun yaratilgan qulayliklardan biri ish joyi va uyning bitta binoda joylashganidir. Mahalla profilaktika inspektori Zoir Eshnazarovning uyida bo‘lgan mehmonlar uning nechog‘li qulay va zamonaviy uyda oilasi bilan istiqomat qilayotgani, uy bekasi Nafisa Eshanazarovaning tovuqchilik va issiqxonada qo‘shimcha daromad topayotganini ham yuqori baholashdi.
- Mahalla – nihoyatda puxta va samarali tuzilma, - deydi Baxtiyar Serkeyev, “Polietilen-Agro” TOO direktori o‘rinbosari. – Qozog‘istionda ham milliy va tarixiy an'analar asosida “Oqsoqollar olqasy” tashkil etilgan. Har bir kichik ma'muriy-hududiy tuzilmani viloyat va shaharlar hokimlari tayinlaydigan bosh oqsoqol boshqaradi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun arzon va ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi, mahalla xavfsizligi va osoyishtaligini ta'minlovchi xodimlarning uy-joy, avtomobil bilan ta'minlanishi nihoyatda yaxshi tajriba. Bu ko‘p sonli aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyoji hamda erkin va farovon yashash huquqini to‘la ta'minlaydi, deb o‘ylayman
“Jizzax” EIZda
Mehmonlar bu yerda yengil va kichik yuk avtomashinalari, mikroavtobuslar, shuningdek, qishloq xo‘jalik texnikalari va yuk mashinalari uchun yiliga 1 mln. batareya ishlab chiqarish quvvatiga ega Jizzax akkumlyator zavodining sexlari, zavod laboratoriyasi, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
- Erkin iqtisodiy zonalar mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishda o‘zini oqlagan xalqaro tajribadir, - deydi Galymjan Suttibayev, “Qurylys-Polimer” TOO direktori o‘rinbosari. – Bu hududlar bojxona va turli soliqlardan ozodligi va boshqa imtiyozlar bilan xorijiy sarmoyadorlarni o‘ziga jalb qiladi. Jizzax akkumlyator zavodi mahsulotlari Qozog‘istonda ham xaridorgir.
Yurtimizda “Qyzil Orda” erkin industrial zonasida ham maishiy texnika, xalq iste'moli mollaridan tortib, oziq-ovqat mahsulotlarigacha ishlab chiqariladi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi erkin iqtisodiy zonalar hamkorligi ham juda ajoyib natijalar berishi shubhasiz.
Delegatsiya sharafiga yarmarka
Delegatsiya a'zolari “Roison Home Good White” qo‘shma korxonasida tashkil etilgan yarmarkani qiziqish bilan ko‘zdan kechirishdi. Ayniqsa, G‘allaoroldagi “Sangzorparranda” MChJda yetishtirilgan go‘sht mahsulotlari, Jizzax shahridagi “Ecoclimat” MChJning shisha-tola buyumlari, “JizzaxPlastex” qo‘shma korxona mahsulotlari, Sharof Rashidov tumanidan “Davurbek Jilosi” MChJning qandolat mahsulotlari, Do‘stlik, Zomin, Zarbdor, Paxtakor, Forish, Mirzacho‘l, Yangiobod va Baxmal tumanlari sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan xalq iste'moli mollari sifati, xaridorgirligi bilan mehmonlarga manzur bo‘ldi. Yarmarkada viloyatimizdagi 89 ta korxona, shuningdek, hunarmandlar ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.
G‘allaorollik Barno Narzullayeva imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qarmasdan, besh yildan buyon hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Delegatsiya rahbari K.Kokrekbayev Barnoning yarmarkaga olib kelgan tovoq, lagan va boshqa mahsulotlari ham o‘zining takrorlanmas jilosi bilan e'tiborni tortganligini ta'kidladi. Unga Jambul viloyat delegatsiyasining sovg‘alari topshirildi.
- Jambil viloyatining O‘zbekiston bilan savdo aloqalari haqida gapiradigan bo‘lsak, tovar aylanma hajmi 2016 yilda yilda 34 mln. AQSh dollarini tashkil etdi, - deydi delegatsiya rahbari, Jambil viloyati hokimi Karim Kokrakbayev. - Bu ko‘rsatkich 2015 yil bilan solishtirgandan 28 foizga ortdi. Jambil viloyati orqali O‘zbekistonga turli sabzavotlar, bug‘doy, makkajo‘xori, kungaboqar yog‘i, fosfat, kalsiy, natriy trifosfat va boshqa xalq iste'moli mollari va ishlab chiqarish uchun xomashyolar eksport qilingan. O‘zbekistondan esa bizning hududimizga ho‘l va quruq mevalar, konditer mahsulotlari, mineral suvi, trikotaj va boshqa matolar, travertin va boshqa qurilish mollari import qilingan. Umid qilamanki, bugungi Jizzax viloyatiga tashrifimiz viloyatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hamkorlik, o‘zaro manfaatli sherikchilikka keng yo‘l ochadi. Buning uchun har ikki tomonda ham erkin va teng huquqli faoliyat yuritish, samarali amaliyot uchun sharoit mavjud.
Shuning bilan Jambil viloyati hokimiyati, boshqaruv idoralari va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyaning Jizzax shahriga tashrifi nihoyasiga yetdi.
Mavzuga oid
15:13
O‘zbekiston va Qozog‘iston ta’limda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishni muhokama qilyapti
15:25 / 14.11.2024
Qozog‘istonda Kaspiy dengizi sohilidan mingdan ortiq o‘lik tyulenlar topildi
21:23 / 13.11.2024
Dunyodagi zararli chiqindilarning bor-yo‘g‘i 1 foizi Markaziy Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri keladi – To‘qayev
15:30 / 13.11.2024