O‘zbekiston | 19:42 / 15.06.2017
11076
3 daqiqa o‘qiladi

Sultonov: "Nega biz telefon, internet uchun pulni ayamaymiz-u, biroq gaz to‘lovini o‘z vaqtida to‘lashni istamaymiz?"

Foto: "Kun"

14 iyun kuni Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisi va soha vakillari OAV tomonidan berilgan savollarga ochiq-oydin javob berishdi. Muammoli masalalar, viloyatlarda gaz va yoqilg‘i tanqisligi holatlari va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilindi. 

 “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi boshqaruv raisi Alisher Sultonov sohada hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar, kamchiliklar borligini rad etmadi. Biroq shu bilan bir qatorda bunday holatlarning paydo bo‘lishiga aholining bee'tiborligi, gazdan noo‘rin foydalanishi, gaz to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamasdan "qing‘ir" yo‘llar bilan qarzlardan qutilishini alohida qayd etdi. 

"Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Gaz ta'minotida yetishmovchilik bo‘lmasligiga nafaqat biz, balki aholi, butun xalq ham mas'uldir. Biz bozorga borsak hech qachon tekinga mahsulot olmaymiz. Masalan, telefonda gaplashish, internetdan foydalanish uchun pulni ayamaymiz. Kezi kelganda, ilk aloqa operatorlari paydo bo‘lganida telefonga pul to‘lash uchun navbat kutishgan. Sababi, insonlarga uyali aloqada suhbatlashish muhim bo‘lgan. Nima uchun biz oilaga har tomonlama zarur bo‘lgan gaz, elektr quvvatiga pullarni o‘z vaqtida to‘lamaymiz? Nima uchun gazdan erta-yu kech foydalanamizda, lekin uning to‘lovini o‘z vaqtida amalga oshirishdan qochamiz? Gaz - bu oddiy quvurni ichida  yonuvchi havo emas. Uning ortida tinimsiz mehnat, xodimlarning mashaqqati yotadi. Avvalambor, aholi o‘zida to‘lov madaniyatini shakllantirishi kerak. Biz qachonki soliqlarni, gaz to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lasak, mavjud muammolar ham asta-sekinlik bilan bartaraf bo‘ladi", - deya qayd etdi Alisher Sultonov.

Mavzuga oid