Sport | 02:22 / 16.06.2017
7325
3 daqiqa o‘qiladi

Fors ko‘rfazidagi inqiroz JCh-2022ga tayyorgarlik ishlariga ta'sir ko‘rsatgani yo‘q

Foto: EPA

5 iyun kuni Bahrayn, BAA, Saudiya Arabistoni, Misr, Yaman, Liviya vaqtinchalik hukumati, Maldiv orollari va Mavrikiy Respublikasi Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzishlari haqida e'lon qilishdi.

Ayrim arab davlatlarining diplomatik va iqtisodiy boykotiga qaramasdan, 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini o‘tkazishga tayyorgarlik rejaga muvofiq ketmoqda. Bu haqda tadbirni o‘tkazishga mas'ul, loyihalar va meros bo‘yicha Oliy kengash rahbari G‘anim al-Quvayriyning so‘zlarini keltirmoqda TASS.

«Barchani ishontirib aytishim mumkinki, vaziyat JCh-2022 obektlaridagi ish jarayoniga zarracha ta'sir o‘tkaza olgani yo‘q, barchasi reja bo‘yicha ketmoqda», — deya uning so‘zlarini keltiradi Qatarning «Al-Vatan» gazetasi. Al-Quvayriyning aytishicha, boykot e'lon qilingach, xomashyo va qurilish materiallarining muqobil manbalarini izlab topish bo‘yicha reja tuzilgan va ular dengiz hamda havo yo‘li bilan keltirilmoqda.

5 iyun kuni Qatarni terroristik va ekstremistik mafkurani qo‘llab-quvvatlash, dushmanona siyosati hamda arab davlatlarining ishiga aralashishda ayblab, Bahrayn, BAA, Saudiya Arabistoni, Misr, Yaman, Liviya vaqtinchlik hukumati, Maldiv orollari va Mavrikiy Respublikasi ushbu davlat bilan diplomatik aloqalarni uzishlarini e'lon qilishgan edi. Keyinroq ularga Mavritaniya va Komor orollari qo‘shilgan, Iordaniya va Jibuti esa diplomatik vakolati darajasini pasaytirgandi. Dohadagilar e'lon qilingan ayblovlarni asossiz, deb hisoblashmoqda. Bir qator davlatlar esa, dengiz va havo qatnovini tugatish, jumladan, Qatarlik diplomatlar va biznesmenlarni mamlakatdan chiqarib yuborish kabi boshqacharoq choralar bilan kifoyalanishgan.

2022 yili futbol bo‘yicha Jahon chempionatini o‘tkazish huquqini Qatar 2010 yil 2 dekabrda qo‘lga kiritgan. Kutilishicha, turnirni tashkillashtirish ushbu davlatga 8–10 milliard AQSh dollariga tushadi, mablag‘larning katta qismi mashg‘ulot bazalari va stadionlar qurilishiga sarflanadi. Qatarning dastlabki rejasida 12 ta stadion qurilishi rejalashtirilgan edi. So‘ngra ularning soni 8 taga tushirilgan bu FIFA tomonidan ruxsat etilgan eng kam ko‘rsatkich.

Qatarda jahon chempionati 2022 yilning 21 noyabridan 18 dekabriga qadar o‘tkaziladi. Davlatning Doha, Lusayl, Al-Vaqra, Al-Xur, Ar-Rayyon, Umm-Salal va Madinat-ush-Shamol shaharlari musobaqaga mezbonlik qilishadi.

Mavzuga oid