13:50 / 17.06.2017
12129

O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarini to‘liq bajarmoqdami?

Joriy yil 6 iyunda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 35-sessiyasida Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-HusaynO‘zbekiston rahbariyati inson huquqlari bo‘yicha ishlarni to‘g‘ri yo‘nalishda boshqarib bormoqda”, deya alohida ta'kidladi. Bu e'tirof mamlakatimizda inson manfaatlari yo‘lida jadal sur'atda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarga berilgan yana bir munosib baho bo‘ldi.

So‘z shu haqda borganda, avvalambor, O‘zbekis­ton 1992 yil 2 martda Birlashgan Millatlar Tashkilotining to‘laqonli a'zosi bo‘lganidan buyon o‘tgan davrdagi o‘zaro hamkorlik aloqalarining rivojiga to‘xtalish o‘rinlidir.

Chindan ham, mamlakatimiz xalqaro munosabatlarning teng huquqli sub'yekti sifatida BMT nufuzini oshirish va salohiyatini mustahkamlashga, uning Nizomida belgilangan maqsad va vazifalarni ro‘yobga chiqarishga, xususan, iqlim o‘zgarishi, yadroviy qurolsizlanish, tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash kabi sohalarga muhim hissa qo‘shib kelmoqda. O‘z navbatida, mazkur nufuzli tashkilotga a'zo bo‘lish mamlakatimizga taraqqiyot va hamkorlik masalalarini xalqaro doirada ilgari surish, zamonamizning qator eng murakkab global muammolarini hal qilish jarayonida faol ishtirok etish imkonini berayotir.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish davlatimiz ­rahbariga yo‘llagan xatida “BMT O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuksak qadrlaydi, tinchlik va taraqqiyot yo‘lida ishonchli sherik sifatida mamlakatingiz bilan hamkorlikni davom ettiradi”, deb qayd etgani ham bejiz emas. Binobarin, BMT yuksak martabali rahbarlarining so‘nggi oylarda yurtimizga amalga oshirgan rasmiy tashriflari O‘zbekiston bilan BMT va uning tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

Ma'lumki, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish shu yil 10 iyunda mamlakatimizda bo‘ldi. Shu kuni Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev  oliy martabali mehmon bilan uchrashdi.

BMT Bosh kotibi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham bo‘lib, Orol dengizi akvatoriyasiga bordi. Mo‘ynoq tumanidagi “Kemalar qabristoni”ni ko‘rdi, jamoatchilik vakillari bilan uchrashdi. BMT tomonidan hududda amalga oshirilayotgan loyihalar samaralari bilan tanishdi.

Shunday qilib, Antoniu Guterrishning yurtimizga ilk tashrifi chog‘ida O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, global xavfsizlik hamda barqarorlikni mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar, jumladan, Orol fojiasining ekologik oqibatlarini yumshatishga doir masalalar muhokama etildi.

Sal oldin, aniqrog‘i, may oyining birinchi yarmida Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi ham amaliy hamkorlikda yangi imkoniyatlar ochganini eslab o‘tish joiz.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Zayd Raad al-Husayn, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari, Inson huquqlari milliy markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi rahbariyati, Ombudsman bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Samar­qandni ziyorat qilish asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonasida bo‘ldi. Ayni chog‘da hududdagi turli diniy konfessiyalar, qator milliy madaniy markazlar vakillari bilan uchrashdi.

O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan ushbu tashrif natijalari qisqa fursatda amalda namoyon bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 35-sessiyasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari O‘zbekistondagi islohotlarni yuksak e'tirof etdi.

Zayd Raad al-Husayn o‘z ma'ruzasida BMTga a'zo davlatlar inson huquqlari bo‘yicha zimmasiga olgan ­xalqaro majburiyatlarni qanday bajarayotganini tan­qidiy ruhda tahlil qilgan. Unda keltirilishicha, BMTga a'zo 193 davlatdan faqat 33 ta mamlakat, shu jumladan, O‘zbekiston shartnomaviy organlarga ma'ruzalar taqdim etish bo‘yicha majburiyatlarini to‘liq bajargan.

Darhaqiqat, mamlakatimiz parlamenti o‘tgan davr­da BMTning inson huquqlari bo‘yicha 6 ta xalqaro shart­nomasini va 4 ta fakultativ protokolini ratifikatsiya qilgan. O‘zbekiston ushbu shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning shartnomaviy organlariga o‘z vaqtida Milliy ma'ruzalarini taqdim etib kelmoqda.  BMTning shartnomaviy organlari O‘zbekiston taqdim etgan ana shu ma'ruzalarni ko‘rib, o‘z tavsiyalarini berganidan so‘ng respublikamizda ushbu tavsiyalar bo‘yicha o‘ndan ortiq Milliy faoliyat dasturi qabul qilingan va ijrosi ta'minlangan.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari ma'ruzasida e'tibor qaratilganidek, har qanday davlat inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnoma ishtirokchisiga aylanar ekan, bu boradagi xalqaro majburiyatlarini, eng avvalo, o‘z ­xalqi oldidagi majburiyat sifatida zimmasiga olishi darkor. Ushbu shartnomalar yuzasidan ma'ruzalar taqdim etish majburiydir. Shunga qaramay, 74 ta mamlakat bunday ma'ruzalarni o‘n yil va undan ham ko‘p vaqt­dan buyon taqdim etmay kelmoqda. 280 ta birlamchi ma'ruza haligacha taqdim etilmagani ayrim davlatlar o‘z so‘zida turmagani, zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajar­mayotganini ko‘rsatadi.

Ahamiyatlisi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari mazkur chiqishida “O‘zbekistonda, men o‘tgan oyda Toshkentga tashrif buyurganimda, eng yuksak darajadagi mansabdor shaxslar Boshqarmamizning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi bilan hamkorlik qilayotganiga amin bo‘ldim. Ular vijdon va e'tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha Maxsus ma'ruzachi va boshqa Maxsus protseduralar vakillarini o‘z mamlakatiga taklif etishga va'da berdilar. O‘zbekiston oldida hali ham inson huquqlari bo‘yicha katta qiyinchiliklar turibdi, ammo men mamlakat rahbariyati uni to‘g‘ri yo‘nalishda boshqarib bormoqda, deb hisoblayman”, deya urg‘u berdi.

Bundan ko‘rinadiki, Zayd Raad al-Husaynning yurtimizga tashrifi O‘zbekiston rahbariyati bilan BMT ­Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro tushunish va intilishlar mushtarakligini tasdiqladi.

Shubhasiz, bugun milliy taraqqiyotimizda yangi sahifa ochgan — O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining hayotga izchil tatbiq qilinayotgani pirovardida barcha jabhada insonparvarlik va adolat tamoyillari ustuvorligini sezilarli darajada oshirmoqda. Zero, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn ta'biri bilan aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan  Harakatlar strategiyasi juda jiddiy va yorqin dastur bo‘lib, unda BMT g‘oyalari, inson huquqlarini ta'minlashga qaratilgan islohotlar o‘z ifodasini topgan.

 

Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori

Top