19:50 / 19.06.2017
9603

Qatarda hokimiyatni o‘zgartirish hech kimning qo‘lidan kelmaydi – Qatar TIV

Foto: RIA "Novosti"

Qatar bilan aloqalarni uzgan va unga nisbatan blokada e'lon qilgan davlatlar Dohadagi hokimiyatni o‘zgartirishga harakat qilishsa, ularning qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Bu haqda Qatar TIV rahbari Muhammad bin Abdurahmon Al Taniy ma'lum qildi.

"Shunisi aniqki, hech kim mamlakatimizdagi vaziyatga kuchli ta'sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan pozitsiyada emas", - dedi u Dohadagi matbuot anjumanida tegishli savolga javob qaytarib.

"Bizning tizim xalq va hukmdorlar o‘rtasidagi konsensusga asoslangan. Agarda ular (Qatarning raqiblari) bunday narsalar haqida o‘ylashayotgan bo‘lsa, u holda bizning ichki ishlarga aralashish xalqaro huquq nuqtai nazaridan qabul qilinmaydigan holatdir", - deya ta'kidlab o‘tdi TIV rahbari.

Bundan tashqari, Qatar TIV rahbarining ma'lum qilishicha, mamlakat bilan aloqalarni uzgan va unga qarshi blokadani e'lon qilgan davlatlar tajovuzkorlik qilishmoqda.

"Biz ko‘rayotgan narsa, blokada – bu istalgan davlatga qarshi tajovuzkorlikdir. Afsuski, hozirda u bizga qarshi ishlatilmoqda", - dedi u.

"Ular (Qatar raqiblari) bizni ichki ishlarga aralashishda ayblashmoqda, biroq o‘zlari bizga nisbatan xuddi shunday qilmoqda", - deya ta'kidlab o‘tdi vazir.

Uning tan olishicha, mintaqa davlatlari kelishib olishning uddasidan hozircha chiqa olishmayapti hamda “hozirgi paytda biz inqirozni yengib o‘tish va olg‘a intilishda hech qanday ijobiy o‘zgarishni ko‘rmayapmiz”.

Top