12:16 / 22.06.2017
4286

O‘zbekiston va Rossiya velosiped sporti federatsiyalari o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashdi

Keyingi paytda O‘zbekiston velosiped federatsiyasi rahbariyati tomonidan xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida qator loyihalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda, deb xabar berdi Kun.uz’ga O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi.

Xususan, kuni kecha federatsiya rahbariyati Moskva shahrida Rossiya velosiped sporti federatsiyasi rahbariyati bilan uchrashib, istiqboldagi rejalar bilan bog‘liq qator masalalar yuzasidan o‘zaro kelishib oldilar. 

Uchrashuvda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi raisi o‘rinbosari Kozimxo‘ja O‘rinboyxo‘jayev, Federatsiya ijrochi direktori Rustam Nurtdinov va Rossiya velosiped sporti federatsiyasi Bosh direktori Yuriy  Kucheryaviy, Rossiya velosiped sporti federatsiyasi Rayosati a'zosi Sergey Nikitenkolar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Rossiya velosiped sporti federatsiyalarining ikki tomonlama manfaatli hamkorlik memorandumi imzolandi.

“Memorandumda ikki tomonlama xamkorlikni mustahkamlash, hamkorlikni rivojlantirish va do‘stona munosabatlarni o‘rnatish, velosport sohasida o‘zaro qiziqish va tushunishni yanada mustahkamlash, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazish, malaka oshirish, tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va Rossiyada mashg‘ulotlar o‘tkazish yuzasidan qarorlar tasdiqlandi”, - deydi O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi ijrochi direktori R.Nurtdinov. 

Top