Jamiyat | 22:03 / 24.06.2017
14570
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Inha universiteti talabalari o‘qishni Janubiy Koreyada davom ettiradilar

Toshkentdagi Inha universitetining (IUT) 100 nafarga yaqin 4-kurs talabalari o‘qishni Janubiy Koreyada davom ettirish uchun ushbu mamlakatga yo‘l oldilar. 

IUT matbuot xizmatining ma'lumotlariga ko‘ra, talabalar bir o‘quv yili davomida Janubiy Koreyadagi Inha universitetida tahsil oladilar. Ular Janubiy Koreyaning yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan birida ta'lim olish imkoniga ega bo‘ldilar. 

Toshkentdagi va Janubiy Koreyadagi Inha universitetlari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, IUT’ning "Kompyuter va dasturiy injiniring" fakultetining 99 talabasi 2017 yil 23 iyunda Inchxonga jo‘nab ketdilar.

Ular Janubiy Koreyada 28 iyundan o‘qishni boshlab yuboradilar. O‘zbekistonlik talabalar o‘qish davomida Janubiy Koreyaning diqqatga sazovor joylari va koreys xalqi madaniyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladilar. O‘qish 2017 yil dekabrda yakunlanadi.

Toshkentda Janubiy Koreyaga ketayotgan talabalarni kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida IUT rektori Sarvar Boboxo‘jayev talabalarga xorijdagi o‘qishlarida omad tilab qoldi. U talabalar barcha kuchlarini o‘qishga yo‘naltirishlari va xorijiy universitetda O‘zbekistonni munosib taqdim qilishlari kerakligini aytdi.

Marosim davomida 2016-2017 o‘quv yilining 2-semestri yakunlari bo‘yicha akademik grantlar sohiblari mukofotlandi. Inha universiteti har bir semestr bo‘yicha har bir kursdan 10 nafar eng yaxshi talabani aniqlab oladi. Bu talabalar bir semestrga o‘qish uchun haq to‘lashdan to‘liq yoki qisman ozod etiladilar.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid