20:25 / 27.06.2017
19972

Neft eksporti bo‘yicha qaysi davlatlar yetakchi?

Foto:aa.com.tr

2016 yilda Saudiya Arabistoni dunyoda neft eksporti bo‘yicha yetakchilik qildi, deb xabar bermoqda VR kompaniyasi tomondan tayyorlangan "Jahon energetikasi statistik sharhi"ga (Statistical Review of World Energy) iqtibos keltirgan holda "Anadolu" axborot agentligi. 

Sharhga ko‘ra, 2016 yilda Saudiya Arabistonining neft eksporti 2015 yilga nisbatan 4,5 foizga oshgan va 375,3 mln tonnani tashkil qilgan.

Saudiya Arabistoni neftining eng yirik importchisi Yaponiya bo‘ldi, kunchiqar davlati "qora oltin"dan 59 mln tonna import qilgan. 2-o‘rinni AQSh (54,8 mln tonna), 3-o‘rinni esa Xitoy (51 mln tonna) egallagan. 

O‘tgan yili eng yirik neft eksportchilari orasida 2-o‘rinni Rossiya (274 mln tonna), 3-o‘rinni Iroq (177,5 mln tonna) egallagan.

O‘tgan yil neft savdosi jahonda 2015 yilga nisbatan 4 foizga oshgan va 2,118 mlrd tonnani tashkil qilgan.

Bundan tashqari, AQSh o‘tgan yili neft import qiluvchi davlatlar orasida 393,3 mln tonnalik ko‘rsatkich bilan 1-o‘rinni egallagan. Uning ortidan Xitoy (382,6 mln tonna) va Hindiston (212,3 mln tonna) kelmoqda. 

O‘tgan yil Saudiya Arabistoni neft qazib oluvchi davlatlar ro‘yxatiga yetakchilik qilgan. Ushbu mamlakatda 2016 yilda 585,7 mln tonna neft olingan. Keyingi o‘rinlarni Rossiya (554,3 mln tonna)  va AQSh (543 mln tonna) egallamoqda. 

2016 yilda neft qazib olish 2015 yilga nisbatan 0,5 foizga oshib, 4,382 mlrd tonnani tashkil qilgan. Ushbu davr ichida neftga talab 1,7 foizga – 4,418 mlrd tonnagacha oshgan.

Shu bilan birga AQSh neft iste'mol qiluvchi davlatlar o‘rtasida 1-o‘rinni (863,1 mln tonna) egallagan. Uning ortidan esa Xitoy (578,7 mln tonna) va Hindiston (212,7 mln tonna) kelmoqda. 

Top