O‘zbekiston | 21:59 / 28.06.2017
23599
3 daqiqa o‘qiladi

Gaz va elektr to‘lovlari O‘zbekiston aholisi oylik maoshining 7,5 foizini tashkil qiladi

Gaz va elektr to‘lovlari O‘zbekiston aholisi oylik maoshining 7,5 foizini egallaydi. Bu haqida Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining birinchi o‘rinbosari J.A.Aripov bergan ma'lumotga asoslanib, "Kun.uz" muxbiri xabar berdi. 

Shuningdek yig‘ilishda videoroliklar taqdim etilib, ularda ham mavzuga oid ma'lumotlar yetkazildi. 

"An'anaviy energetika resurslari tobora taqchil bo‘lib borayotgani va ularning narxi keskin ortayotganini G‘arb dunyosi bundan bir necha o‘n yillar avval sezgan, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilishdan boshqa chora yo‘qligini ham anglab yetgan edi. Zero bu hayot-mamot masalasi. 

Xususan, Germaniyada quyosh panellari eng arzon energiya manbai sifatida mamlakatni butunlay qamrab olmoqda, chunki Yevropada elektr energiyasi va tabiiy gaz narxi juda qimmat, albatta, bu gazni Rossiya va Ukrainadan sotib olayotgani hisobiga.

Osiyo mamlakatlarida ham vaziyat murakkab. Masalan, Yaponiyada bir oyda bitta oila elektr energiyasi uchun 60 dollargacha to‘laydi. Umuman, ushbu mamlakat aholisi kommunal to‘lovlar uchun oylik maoshining hatto 75 foizini ajratishga majbur bo‘lyapti. 

Ispaniyada bu ko‘rsatkich - 47, Singapurda esa - 30 foizni tashkil qilmoqda. Markazlashgan gaz quvuriga ega bo‘lmagan Turkiyada aksariyat aholi gaz ballonlaridan foydalanadi. Bu mamlakat aholisi elektr energiyasi uchun bir oyda 50 dollargacha sarflamoqda. 

Xo‘sh, shunday ekan, 300-320 kuni quyoshli bo‘lgan O‘zbekistonda quyosh batareyalarini o‘rnatishga nima to‘sqinlik qilmoqda", deyiladi rolikda. 

Yig‘ilishda Osiyoning janubi-sharqiy mintaqasida kommunal to‘lovlar aholi oylik maoshining o‘rtacha - 25 foizini, O‘zbekistonda esa 7,5 foizini egallaydi. Shunday ekan, aholi to‘lov madaniyatini shakllantirish kerakligi ta'kidlandi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid