Sport | 19:14 / 29.06.2017
19601
2 daqiqa o‘qiladi

Fyodor Yemelyanenko oxirgi jangidan keyin uch oyga musobaqalardan chetlatildi

Foto: sport.mail.ru

Rossiyalik yakkakurash jangchisi Fyodor Yemelyanenko Bellator 180 musobaqasida amerikalik Mett Mitrionga qarshi o‘tkazgan jangidan keyin Nyu-York sport komissiyasi tomondan tibbiy ko‘rsatkichlarga asosan uch oyga musobaqalardan chetlatildi, deb xabar bermoqda "R-Sport" nashri.

Allboxing ma'lumotlariga ko‘ra, Mitrionga texnik nokaut bilan yutqazgan rossiyalik 90 kundan keyin takroran tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak. Mitrion ham 30 kunga chetlatildi. Bundan tashqari, yengil vazn toifasidagi sobiq chempion Maykl Chendler ham takroriy ko‘rikkacha 30 kunga chetlatildi. U o‘tkazgan jang uning oyog‘i singaniga shubha bilan to‘xtatilgandi, biroq keyinroq jarohat uncha xavfli emasligi aniqlangan.    

Musobaqada ishtirok etgan qolgan jangchilar ham 30 kunga chetlatilganlar.

Mitrion 24 iyunda Nyu-Yorkda o‘tgan musobaqada Yemelyanenkoni jangning 2-daqiqasidayoq nokautga uchratgan. Keyinroq Yemelyanenko faoliyatini davom ettirishini aytgan. Bu jang u uchun sportga qaytgandan keyin uchinchisi bo‘ldi. 2015 yilda rossiyalik uch yillik tanaffusdan keyin faoliyatini davom ettirishini e'lon qilgandi. "So‘nggi imperator" aralash yakkakurash bo‘yicha 41 ta jang o‘tkazib, 36 tasida zafar quchgan, 5 tasida mag‘lubiyatga uchragan.

Mavzuga oid