Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan Konfederatsiyalar kubogida hakamlar videotakrorlardan foydalanayotganidan xabaringiz bor. Ushbu yangilik har kim tomonidan turlicha qabul qilinayotganligi tabiiy. O‘yindagi uzilishlarni ro‘kach qilib, bu yangilikka tamoman qarshilar ham bor, ular bilan bahslashish shart emas, bu borada fikrim qat'iy — adolat haqida gap borganda, o‘yin sur'ati haqida fikr yuritishdan ma'ni yo‘q, deb yozadi futbol jurnalisti Qahramon Aslanov o‘zining maydon.uz saytidagi blogida.

Bu haqida Ravshan Ermatovning ajoyib fikrini eslash kifoya: «bir xato ustida o‘n yil tortishib yurgandan, bir daqiqa o‘yinni to‘xtatib, uni joyida to‘g‘rilagan afzal».

Kecha, turnirning birinchi yarim final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Chili va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi bahsning asosiy vaqtida g‘olib aniqlanmadi. Qo‘shimcha vaqtning so‘nggi daqiqalari o‘tib borayotganda esa, portugallar jarima maydonida e'tiborli voqea sodir bo‘ldi. 

Himoyachi Joze Fonte to‘p uchun kurashda ulgurmadi va raqib hujumchisi Franchesko Silvaning oyog‘ini bosib oldi. Hujumchi yiqilib tushdi. Lekin hakam o‘yinni to‘xtatib ham o‘tirmadi va hech qanday penalti yo‘qligiga ishora qildi. 

Hammasi shundan keyin boshlandi. Takroriy lavhada yaqqol penalti borligini ko‘rdik. Nega hakam belgilamadi? Nega «arzimagan» narsalarga o‘yinni to‘xtatib, asabimizga tekkan videotakror bu yerda jim qoldi? Nahotki, bu yangilik ham hakam xatolariga ta'sir o‘tkaza olmasa? Ko‘pchilikning dilida yoki ijtimoiy tarmoqlarda bunday fikrlar g‘ujg‘on o‘ynagani aniq. Hatto o‘yinni sharhlagan rossiyalik sharhlovchi Konstantin Genich hakamni ayblar ekan, «nahotki video yonida o‘tirib, hakamga yordam berayotgan Ravshan Ermatov ham buni ko‘rmadi?» deb hatto yordamchi hakamni ayblay ketdi. Bugungi ko‘pgina nashrlarning, internet saytlarining kechagi o‘yinga bag‘ishlangan qismini, «Videotakror ham hech narsa qila olmadi» degan sarlavhalar bezadi. 

Keling, konkret bir vaziyatga to‘xtalib, shu bahona, videotakrorlar mavzusini chuqurroq tahlil qilamiz va ba'zi tushunmovchiliklarga nuqta qo‘yishga harakat qilamiz. 

Avvalo shuni ta'kidlash lozim: videotakrorlar o‘yinga hakamlik qilmaydi, hakamlarni boshqarmaydi. Bu o‘yindagi barcha vaziyatlarni qamrab olishga jismoniy imkoniyati yetmaydigan bosh hakamga yordam berish, insoniy faktor tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolarni kamaytirish, oldini olish uchun foydalaniladigan texnologik vositalardan biri xolos. Xuddiki, qanot hakamlari bilan muloqot qilish uchun chiqarilgan vositalar bor-ku, shunaqa deb tushuning, baribir yakuniy qarorni bosh hakam qabul qiladi. Kechagi o‘yinda ham Ermatov videotakrorlar bo‘yicha hakam emas, hakam yordamchisi edi.