UYeFA'ning «tvitter»dagi rasmiy sahifasining yozishicha, o‘yinni boshqaradigan hakamlar brigadasi almashtirildi. Ovidiu Hatsegan boshchiligidagi ruminiyalik arbitrlar o‘rniga niderlandiyalik va polshalik hakamlar tayinlandi: bosh hakam – Denni Makkeli (Niderlandiya); assistentlar – Mario Diks (Niderlandiya), Marchin Bonek (Polsha); to‘rtinchi hakam – Bartosh Frankovski (Polsha).
«Hodisani ikkala klub vakillari bilan muhokama qilganimizdan so‘ng istisno tariqasida o‘yinning qolgan qismini yangi hakamlar brigadasi bilan tugatishga qaror qilindi», – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 8 dekabr kuni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan «PSJ» – «Istanbul» o‘yini 14-daqiqada irqchilik mojarosi sababli to‘xtatildi. Bahsning zaxira hakami Sebastyan Kolsesku «Istanbul» murabbiyi Per Veboni «negr» deb atadi, bu esa Vebo va jamoa hujumchisi Demba Baga yoqmadi. 9 daqiqalik mojarodan so‘ng futbolchilar o‘yinni davom ettirishdan bosh tortishdi.














