Kun.uz amaldor sifatidagi faoliyati, o‘zbek futbolida 2020 yil yakunlari va boshqa mavzulardagi fikrlari bilan tanishish uchun Ravshan Ermatovni suhbatga taklif etdi.

— Hakamlikdan ketib, rahbar sifatida ish boshlaganingizga ham bir necha yil bo‘lib qoldi, ma'lum darajada tajriba orttirdingiz. Rahbarlik faoliyatingizdan shaxsan o‘zingiz qoniqyapsizmi?

— Men jahon chempionatlarida hakamlik qilgan, yuqori baholarga loyiq ko‘rilgan, FIFA maqtovlarini eshitib turgan paytlarimda ham doim o‘zimdan qoniqmasdim. Har bir o‘yinni soatlab tahlil qilib chiqardim va o‘zimdan hech qachon yuz foiz qoniqmaganman.

Hozir o‘zimni siz aytgandek tajribali rahbar deb hisoblamayman. O‘rganadiganlarim juda ko‘p. Sportchi bo‘lganim uchun qaysidir tomondan oson tuyulayotgan joylari ham bor, lekin ochig‘ini aytsam, hali o‘z ishimdan qoniqayotganim yo‘q. Sportga ozgina bo‘lsa ham foydamiz tegayotganini his qilish uchun harakat qilamiz.

— Sportchilikdan ketib, amal kursisiga bekor o‘tirgan ekanman, deya afsuslangan paytlaringiz bo‘ldimi?

— To‘g‘risini aytsam, o‘zi hech qachon oson bo‘lmagan. Hakamlikda ham, o‘sha jahon chempionatlariga borganimizda, bizga tayyor yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan hech kim bo‘lmagan. Har kungi mehnatimiz, tahlil qilishimiz, hakamlik ilmini o‘rganganimiz natijalarga olib kelgan.

Hozir qilayotgan ishimiz ham oson emas: boringizni berib ishlashni talab qiladi – biz bunga tayyormiz, mehnatdan hech qachon qochmaganmiz. Xudo xohlasa, bu ishlarimiz ham vaqt-soati kelib o‘z natijasini beradi.

— Totalizatorlarga ruxsat berilayotgani masalasi. Buning ijtimoiy tomonlari haqida qanday fikrdasiz?

— Biz FIFA, OFK ekspertlari bilan futboldagi har bir yo‘nalish bo‘yicha maslahatlashganmiz. Bizda eng orqada qolib ketayotgan yo‘nalishlardan biri – bu marketing. Ular bizning marketing tizimimizni o‘rganganlarida, juda salbiy fikrlar bildirishdi. «Jahonda futbol o‘zini o‘zi ta'minlash tizimiga o‘tib bo‘ldi, sizlar hali birinchi qadamni ham tashlamagansizlar», deb o‘zlarining maslahatlarini berishdi.

Biz xalqaro tajribani ham o‘rgandik. APLning deyarli 8 klubi asosiy homiyi – bukmekerlik kompaniyalari. Rossiya va Ispaniyada ham deyarli shunday. Bu futbolga juda katta mablag‘ keltiradi va bu pulni sizlar infratuzilmani rivojlantirishga sarflashinglar mumkin, deb maslahat berishdi FIFA va OFKdagi marketologlar.