O‘zbekiston | 21:02 / 03.07.2017
50219
5 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: O‘zbekiston KXShTga to‘laqonli a'zolikka qaytishi mumkin

Foto: © RIA Novosti

Rossiya bilan qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazishga kelishib olgan O‘zbekiston RF bilan harbiy sohada hamkorlik qilishni yo‘lga qo‘yish borasida ilk qadamni tashladi va kelajakda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) ga to‘laqonli a'zo bo‘lishga qaytishi mumkin, deb hisoblamoqda RF mudofaa vazirligi xalqaro-shartnomaviy boshqarmasining sobiq rahbari, general-leytenant Yevgeniy Bujinskiy.

Ilgariroq Rossiya Markaziy harbiy okrugi (MHO) qurolli kuchlari qo‘mondoni yordamchisi polkovnik Yaroslav Roshchupkin 2017 yilning oktabrida 2005 yildan buyon ilk marta O‘zbekiston poytaxti Toshkentdan 250 km naridagi Forish poligoni (Nurota tog‘ tizmasining shimoliy yon bag‘rida) Rossiya (MHO) va O‘zbekiston qurollari kuchlari bo‘linmalarining qo‘shma taktik o‘quv mashqlari bo‘lib o‘tishini RIA Novostiga aytib o‘tgan edi.

O‘quvlar o‘tkazish haqida kelishuvga Toshkentda yakunlangan, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-polkovnik Qobil Berdiyev va Rossiyaning MHO qurolli kuchlari qo‘mondoni general-polkovnik Vladimir Zarudnitskiy rahbarlik qilgan har ikki mamlakat harbiy delegatsiyalarining amaliy uchrashuvi mobaynida erishilgan.

«Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy hamkorlik tomon ilk qadam tashlandi. Tiklanish tomon deya olmayman, chunki sobiq ittifoq tarqaganidan buyon O‘zbekiston bilan hech qachon harbiy hamkorlik qilmaganmiz», — degan Bujinskiy.

Bujinskiyning ta'kidlashicha, u ishlagan paytlarda O‘zbekiston bilan «doim biror muammo yuzaga chiqib turgan». «Ular harbiy yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikdan doim o‘zlarini olib qochishardi. Doim to‘siq qo‘yishardi. Ular bir paytlar KXShTdan chiqishgan, yana kirishgan, biroq to‘siq qo‘yishda davom etishgan. ShHT (Shanghay hamkorligi tashkiloti) doirasida ham ular harbiy masalalarga to‘siq qo‘yib turishardi. O‘zbekiston tomoni harbiy yo‘nalishda biz bilan hamkorlik qilishga hech qanday istak bildirmas edi», — degan u.

«Endi esa harbiy yo‘nalishda ham hamkorlik boshlanar ekan, ular (O‘zbekiston) KXShTga ham to‘laqonli a'zo bo‘lishga qaytsa kerak, deb o‘ylayman. Agar ular KXShTga to‘laqonli a'zo bo‘lsa, tashkilot doirasidagi barcha majburiyatlarini, jumladan, operativ chora ko‘ruvchi kollektiv kuchlarida (KSOR) ishtirok etishi ham kerak bo‘ladi», — degan Bujinskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha amaliy hamkorlik shakli ko‘zga tashlanmayotgan edi. Bunga o‘quv mashqlari, turli anjumanlar, tashriflar bilan almashish, shtab muzokaralari, rejalarni maqbullashtirish, birlashgan shtablar ishida ishtirok etish kabilar kiradi. «Bu juda ko‘p qirrali jarayon. Biroq harbiy mashqlar — aytaylik, shtab muzokaralaridan ko‘ra ancha yuqori narsa. Zarudnitskiy kelishgan ekan, hech qursa mashqlar o‘tadigan bo‘ladi. Bu esa katta qadam degani», — deya xulosalaragan general.

O‘zbekiston ilk marta 1999 yilda KXShT a'zoligidan chiqib, AQShga Afg‘onistondagi operatsiyalar davomida Qarshi-Xonobod harbiy bazasidan foydalanishga ruxsat bergan. 2006 yilda O‘zbekiston tashkilotdagi a'zoligini tiklagan; Amerika harbiy kontingenti O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborilgan.

O‘zbekiston ikkinchi marta KXShTdan butunlay chiqib ketmagan, 2012 yil 28 iyunda tashkilotdagi a'zoligini rasman to‘xtatib qo‘ygan. KXShTga a'zolik O‘zbekistonga Rossiyadan harbiy texnikalarni Rossiyaning ichki narxlarida sotib olish imkonini berar edi.

KXShT — mintaqaviy xalqaro tashkilot hisoblanadi. Kollektiv xavfsizlik haqidagi shartnoma 1992 yil 15 may kuni Toshkentda imzolangan. 1993 yilda unga Ozarboyjon, Belarus va Gurjiston a'zo bo‘lgan. Shundan so‘ng Ozarboyjon va Gurjiston KXShT tarkibidan chiqib ketishadi. Ayni paytda 6 davlat tashkilot a'zosi hisoblanadi: Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston.

Mavzuga oid