O‘zbekistonda sudlar videokonferentsaloqa rejimida olib borilishi mumkin
Fuqarolik, jinoyat va ma'muriy ishlarni ko‘rishda sud majlislarini videokonferentsaloqa rejimida o‘tkazishning ayrim masalalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi oliy sudi plenumining qarori qabul qilindi.
Oliy sud raisi K.Kamilov tomonidan 24 iyun kuni imzolangan Plenum qarori fuqaro va tadbirkorlik sub'yektlari — sud protsessi ishtirokchilarining sud orqali huquqlarini himoya qilinishida yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, odil sudlovga erishish darajasini oshirish, moliyaviy va vaqt xarajatlarini qisqartirish, shuningdek, ishlarni ko‘rishda tezkorlikni ta'minlash va protsessual muddatlarni tejash maqsadida qabul qilindi, deyiladi qaror matnida.
Sudlarga tushuntirilishicha, bundan buyon, protsessual qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar hamda ma'muriy sudlar protsess ishtirokchilarining roziligi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy sudlarida o‘rnatilgan telekommunikatsion texnologiyalardan foydalangan holda sud majlislarini videokonferentsaloqa rejimida o‘tkazishga haqli.
Bunda, sud majlislarini videokonferentsaloqa rejimida o‘tkazishning zaruriy sharti ishda ishtirok etuvchi shaxslardan loaqal bittasi boshqa ma'muriy-hududiy birlik (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) hududida, ya'ni ishni ko‘rayotgan sud joylashgan hududdan tashqarida joylashgan bo‘lishi lozimligi hisoblanadi.
Videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisi deganda, real vaqt rejimida telekommunikatsiya texnologiyalari vositasida audio- va video- axborotlar almashinuvi imkoniyatlaridan foydalangan holda ishni ko‘rayotgan sud va sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashayotgan sud o‘rtasidagi interaktiv o‘zaro ta'sir qilish yo‘li bilan masofadan sud majlisini o‘tkazish tushuniladi.
Ishni ko‘rayotgan sud deganda, ish yurituvida bo‘lgan fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va ma'muriy sud tushuniladi.
Videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazishga ko‘maklashadigan sud deganda, videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazish uchun texnik va boshqa sharoitlarni ta'minlayotgan va ishni ko‘rayotgan sud hududidan tashqarida joylashgan iqtisodiy sud tushuniladi.
Videokonferentsaloqa rejimidagi sud majlisini o‘tkazishda ish O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual va Jinoyat-protsessual kodeksining umumiy qoidalariga muvofiq ko‘riladi.
Ishni sudda ko‘rishga tayyorlash paytida va videokonferentsaloqa rejimida sud majlislarini o‘tkazishda sudlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining «Xo‘jalik sudlari tomonidan videokonferentsaloqa rejimida sud majlislarini o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Xo‘jalik protsessual kodeksi normalarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida» 2014 yil 28 noyabrdagi 270-sonli qarorining qoidalarini ham qo‘llashlari lozim.
Qayd etish joizki, mazkur amaliyot iqtisodiyot sudlari (ilgari xo‘jalik sudlari)da 2014 yildan buyon muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinayotgan edi. Texnologiyalardan bu tarzda foydalanish ancha ovoragarchiliklar va qo‘shimcha xarajatlarning oldini olayotgan edi.
Misol uchun, da'vogar javobgar istiqomat qiladigan yoki ro‘yxatda turadigan boshqa viloyatga bormasdan, o‘zi yashaydigan joydagi xo‘jalik sudida sud jarayoniga borar edi.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024