Jamiyat | 10:00 / 13.07.2017
5148
4 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 6 oy davomida 38 nafar voyaga yetmagan shaxs jinoyat sodir etdi

2017 yilning 6 oyida Buxoro viloyatida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan 2016 yilning shu davriga nisbatan 27,6 foizga, ya'ni 8 taga (29-37) ko‘paygan. Bu haqda Kun.uz’ga Buxoro IIB xabar berdi.

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni turlari bo‘yicha tavsiflaganda, 1 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 2 ta talonchilik, 3 ta bezorilik va 31 ta o‘g‘rilik jinoyatlari qayd qilingan bo‘lib, mazkur jinoyat turlarining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshganligi kuzatildi.

Jinoyatlarni sodir etishda ishtirok etgan voyaga yetmaganlar soni ham viloyatda 9 nafarga ko‘payib, 38 nafarni tashkil qilgan, bular 11 nafar maktab, 26 nafar kasb-hunar kollej o‘quvchilaridir. Achinarlisi, 4 nafar qiz bolalar tomonidan ham jinoyat sodir qilinganligi kuzatilgan.

Jinoyat sodir qilgan 5 nafar voyaga yetmaganlarning ota-onasi ajrashganligi yoki ulardan biri vafot etganligi sababli yolg‘iz ona yoxud yolg‘iz ota qaramog‘ida tarbiyalanayotganlardir. Shuningdek, 4 nafari ota-onasi uzoq muddatga ketganligi yoki ajrashib boshqa oila qurganligi tufayli qarindoshlari qarmog‘ida bo‘lgan o‘smirlarni tashkil qilgan. 2 nafari mehribonlik uyida tarbiyalanib, hozirgi vaqtda Buxoro neft va gaz kollejida tahsil olib, shu kollej yotoqxonasida yashayotgan chin yetimlar tomonidan ham o‘zlari yashayotgan yotoqxonada telefon o‘g‘riligi jinoyatini sodir qilganlar. 

O‘z navbatida, boshqa viloyatlardan kelib, qarovsiz va nazoratsiz yurgan voyaga yetmaganlarni o‘z vaqtida aniqlanmayotganligi oqibatida, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida yashovchi, Sirdaryo tibbiyot kolleji o‘quvchisi, 
2000 yilda tug‘ilgan Farrux Abduraxmonov ota-onasi bilan o‘zaro kelishmasdan, uyidan o‘zboshimchalik Buxoro viloyatiga qochib kelib, G‘ijduvon tumanida ijarada yashab, puli qolmaganligi uchun Buxoro shahar hududida fuqarolarga tegishli savdo do‘konlaridan 2 ta o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir qilgan.

Jinoyatlarda ishtirok etgan 4 nafar voyaga yetmaganning ota-onalaridan biri farzandini ona yoki ota tarbiyasida qoldirib, o‘zi ishlash maqsadida yashash manzilidan uzoq muddatga chiqib ketgan. Bundan tashqari, 6 nafari  iqtisodiy jihatdan og‘ir ahvolda bo‘lgan oilalarda tarbiyalanyotgan o‘smirlarni tashkil etgan.

Jinoyatlarning kelib chiqish sabablari bo‘yicha tahlil qilinganda, 4 tasi (bezorilik va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlari) o‘zaro kelishmovchilik tufayli, 1 tasi tanishidan pullarini qaytarib olib bilmaganligi sababli, 32 tasi tengqurlaridan kam bo‘lmaslik, zamonaviy texnika buyumlariga egalik qilish, oilasidagi muhtojlik va tekin boylik orttirish maqsadida sodir etilganligi aniqlandi.

Ta'lim muassasalaridan asosan Buxoro avtomobil va yo‘llar, Buxoro iqtisodiyot va bank, Buxoro neft va gaz, Buxoro tibbiyot, Vobkent agrosanoat, Qorako‘l sanoat va transport hamda Vobkent qurilish va transport kasb-hunar kollejlaridan 2-3 nafardan voyaga yetmaganlar jinoyat ko‘chasiga kirganliklari qayd qilingan.

Mavzuga oid